Toshkentda zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida barpo etilayotgan Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda. Ushbu majmua 2020 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) bilan birgalikda bunyod etilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 130,58 million dollarni tashkil etadi.

Ayni paytda tibbiyot markazining qurilishi va jihozlanishi bilan bir qatorda, markazda ishlaydigan kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining Yangsan Pusan Milliy universiteti o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasiga muvofiq, 100 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis ushbu universitetda malaka oshirishi rejalashtirilgan.

Nomzodlar malaka-mahorati, xorijiy tillarni bilishi, jahon tibbiyotining eng ilg‘or yangiliklarini o‘zlashtirish salohiyatiga qarab tanlov asosida saralab olinyapti. Ana shunday malakali shifokorlardan dastlabki 19 nafari saralash jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tib, bir yil mobaynida Yangsan Pusan Milliy universitetida tahsil oladigan bo‘ldi.

Safar oldidan ushbu mutaxassislar bilan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov uchrashib, ularga bir yillik tahsilni muvaffaqiyatli yakunlab, el-yurtimizga munosib xizmat qiladigan malakali kadrlar bo‘lib yetishishlarida omad va muvaffaqiyat tiladi. O‘z navbatida, yoshlar ham vaqtning har lahzasidan oqilona foydalanishga, o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlab, tibbiyotimizning ertangi taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shishga va’da berdilar.

Ta’kidlash joizi, bunyod etilayotgan mazkur markaz loyihasi Koreya Respublikasi va jahon tibbiyotining noyob andozalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, binoning qurilish, xavfsizlik tizimi, isitish, sovutish tarmoqlari jahon standartlari talablariga to‘la javob beradi. Yangi tibbiyot muassasasi 280 o‘ringa ega bo‘lib, klinikada kuniga 250 bemorni qabul qilish va yiliga 1500 dan ko‘proq murakkab va noyob operatsiya o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 381 nomdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan, angiograf, kompyuter tamograf, yuqori texnologiyali raqamli rentgen va flyuoroskopik tizimi, mobil rentgen apparati, siklotron kabi eng so‘nggi innovatsion tibbiy jihozlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.