Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmon bilan 2018 yil 1 dekabrdan boshlab:

barcha qurilish ob’ektlari loyihalarining smeta qismi majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi (investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan qurilishlar bundan mustasno);

qurilishi tugagan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, kadastr organlari, buyurtmachi, pudratchi vakillari ishtirokida amalga oshiriladi;

shuningdek, «fast-track» usuli (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, harid qilish va qurish) bilan «tayyor holda topshirish» shartlari asosida loyihalar amalga oshiriladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab:

loyihalash va qurilish faoliyatini amalga oshirish uchun Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan berilgan sertifikatlar va boshqa hujjatlar tan olinadi; Ma’lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti — 1961 yilda iqtisodiy taraqqiyot va jahon savdosini rivojlantirish uchun tashkil etilgan hukumatlararo iqtisodiy tashkilotdir. Tashkilotga bugungi kunda 36 ta davlat a’zo.

qurilish uchun yer uchastkalarini vaqtida ajratmaslik yoki noto‘g‘ri ajratish natijasida yuzaga kelgan xarajatlar mahalliy byudjetlar mablag‘i hisobidan qoplanadi;

milliy qurilish normalari va qoidalari xorijiy normativ-texnik hujjatlarga tanlov asosida moslashtiriladi.

2019 yil 1 martdan boshlab:

malakaga ega bo‘lishi majburiy bo‘lgan mutaxassislarni sertifikatlash O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi;

loyihalashni amalga oshirishga shtatida sertifikatga ega va doimiy ishlaydigan kamida ikkita muhandis mavjud bo‘lgan yoki O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.

2020 yil 1 yanvardan uy-joy qurilish ob’ektlari energiya-samarador va energiya-tejamkor uskunalar bilan majburiy jihozlanishi lozim, BREEAM (binolar samaradorligini ekologik baholash usuli) va LEED (energiya-samarador va ekologik loyihalashtirish bo‘yicha qo‘llanma) standartlari bo‘yicha sertifikatlarga ega ob’ektlar bundan mustasno.

Bundan tashqari, qurilish sohasini texnik tartibga solishning normativ bazasi quyidagi bosqichlarda isloh qilinadi:

tayyorgarlik davri (2019−2021 yillar) — geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik xususiyatlarni inobatga olgan holda milliy qurilish normalari qayta ko‘rib chiqiladi va xorijiy normativ-texnik hujjatlarga moslashtiriladi;

o‘tish davri (2022−2026 yillar) — moslashtirilgan norma va qoidalar amaliyotda qo‘llaniladi, qurilish sohasiga innovatsiyalar joriy etiladi;

yakuniy davr (2027−2028 yillar) — qurilish sohasining yagona normativ bazasi yaratiladi.

2019 yil 1 martga qadar quyidagilar bo‘yicha taklif kiritiladi:

xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va mamlakat hududiga ilk bor olib kiriladigan qurilish asbob-uskunalari, texnikasi, materiallari va buyumlarini sertifikatlaydigan sinov laboratoriyalarini tashkil etish.

davlat organlarida idoraviy ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini bajaruvchi tarkibiy bo‘linmalar tashkil etish;

hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish ob’ektlarini moliyalashtirish tartibini aniqlash;

mamlakatning har bir hududida yirik ixtisoslashtirilgan qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish.

Bundan tashqari, Farmon bilan Qurilish normalari va qoidalari Adliya vazirligidan majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tishi lozimligi belgilandi. Qurilish vazirligiga 2019 yil 1 mayga qadar Shaharsozlik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi yuklandi.