Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 noyabrdagi 927-son qarori bilan Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Birinchidan, Toshkent viloyatida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning to‘liq ro‘yxati taqdim etildi:

ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish;

yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik va oqava suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, obodonlashtirish hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash;

bandlik darajasini oshirish, turizm, ekologiya, qurilish sohalarida amalga oshiriladigan ishlar;

oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi quvvatlarini modernizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi, turizmni rivojlantirish bo‘yicha manzilli investitsiya loyihalarini amalga oshirish va boshqalar.

Bir oy muddatda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini onlayn monitoring qilib boruvchi dastur ishga tushiriladi.

Ikkinchidan, 2019 yilning 1 iyuniga qadar kadastr hujjatlarini shakllantirish jarayoni soddalashtiriladi. Bekor qilingan «Binolar, inshootlar va ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma» o‘rniga maxsus QR-kod bilan himoyalangan kadastr pasporti beriladi.

Eslatib o‘tamiz, ko‘chmas mulkka (yer uchastkalari, binolar va inshootlar, ko‘p yillik daraxtlarga) bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnomalar joriy yil 1 oktyabrdan bekor qilingan.

Bir tuman misolida auksion tarzida blokcheyn tizimi orqali qishloq xo‘jaligi yerlari ajratish tartibi joriy etiladi.

Uchinchidan, 2019 yil 1 yanvarga qadar Piskent avtomobil poligoni hududida muntazam ravishda turli darajadagi avto va motopoygalarni tashkil etish yuzasidan takliflar kiritish vazifasi topshirildi. Bu yerda sayyohlar uchun eski rusumdagi avtomobillar ko‘rgazmasi va boshqa qiziqarli tadbirlar ham o‘tkaziladi.

To‘rtinchidan, 2019 yilning 1 iyuniga qadar tarixiy obidalar hamda arxeologik ob’ektlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus elektron xaritaga kiritiladi.