O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi poytaxtdagi «Malika» savdo majmuasida maishiy texnika va elektronika mahsulotlarini sotuvchi do‘konlarning yopib qo‘yilgani bo‘yicha rasmiy izoh berdi.

DSQ matbuot xizmati press-relizida qayd etilishicha, 13 noyabr kuni «Malika» savdo majmuasida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida 13 nafar fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, chet elda ishlab chiqarilgan va respublikamizga yashirin yo‘llar orqali olib kirilib, hech qanday hujjatlarsiz maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlangan.

«Ushbu fuqarolar iste’molchilar huquqlarini qo‘pol ravishda buzib, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan tovarlar savdosi hamda sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holda, davlat byudjeti oldida majburiyatlarni bajarmay, umuman soliqlarni to‘lamagan», — deyiladi xabarda.

Nazorat tadbiri davomida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilgan umumiy qiymati qariyb 308 mln. so‘mlik so‘mlik 66 ta maishiy texnika vositalari, 7,8 mingta uyali aloqa va aksessuarlar O‘zbekiston «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi"ning 176-moddasiga asosan masala qonuniy hal bo‘lguniga qadar vaqtinchalik olib qo‘yildi.

Mazkur modda ilk bor huquqbuzarlik sodir etgan hamda bir oy muddat ichida davlatga yetkazilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar ko‘rinishidagi zararlarni qoplagan, tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirgan shaxslarni huquqbuzarlik predmetlarini musodara qilmagan holda javobgarlikdan ozod qilishni ko‘zda tutadi.

«Davlat soliq qo‘mitasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning savdo bilan shug‘ullanishi uchun hech qanday to‘sqinlikka yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qiladi», — deya qayd etiladi xabarda.