O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 13 noyabr kuni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon viloyati hokimining noyabr va dekabr oylarini «ma’naviyat oylari» deb e’lon qilish ko‘zda tutilgan qarori yuzasidan izoh berdi.

Hokim qaroriga ko‘ra, noyabrning ikkinchi dekadasida Andijon viloyatida umumxalq hashari o‘tkazish — hududdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlarining bir kunlik ish haqini viloyat hokimligining maxsus hisob raqamiga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi quyidagilarni ma’lum qildi: Vazirlar Mahkamasining 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar qator shartlarga rioya qilingan holda faqatgina ixtiyoriylik asosida tashkil etiladi.

Jumladan, hasharlar faqatgina O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasi normativ-huquqiy hujjatlari asosida hashar ishtirokchilari mehnat qiladigan tashkilotlar hududi ichida mehnat muhofazasi va xavfsizligiga amal qilingan holda o‘tkazilishi lozim. Hasharlar doirasida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va joylarni tartibga keltirish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlari kabi jamoat ishlariga majburiy jalb qilish qat’iy taqiqlanadi.

Andijon viloyati hokimiga Davlat mehnat inspeksiyasi Andijon viloyati hokimining 2018 yil 7 noyabrdagi №207-F farmoyishini qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i yuborildi. Unda hasharlarni o‘tkazishda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori hamda amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Buyruqda 10 kunlik muddat ichida ko‘rilgan choralar bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasiga ma’lumot taqdim etish majburiyati belgilandi.

Mehnat vazirligi majburiy mehnatga jalb qilish holatlari bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining (+99871)2000602ishonch raqami yoki Telegram-botga murojaat qilish mumkinligini eslatib o‘tdi.