Xalq ta’limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmati Jizzax viloyatida o‘qituvchilardan mahalliy futbol klubini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 272,15 million so‘m mablag‘ yig‘ilgani aniqlandi va hozirda ushbu mablag‘larni qaytarish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jizzax viloyati hokimining 2018 yilning 2 noyabrida «So‘g‘diyona professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida"gi 360-f sonli farmoyishi qabul qilingan. Mazkur farmoyishga asosan joriy yilning 3−4 noyabr kunlari umumxalq hashari tashkil etilgan. Farmoyishda umumxalq hashari doirasida boshqarmalar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari «So‘g‘diyona» professional futbol klubining hisob raqamiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Ushbu umumxalq hashari doirasida Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 10 ta tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktabi ishchi-xodimlaridan jami 272 156 729 so‘m miqdorida pul mablag‘lari ishchi-xodimlarning ish haqidan o‘tkazib berilgan.

Ta’kidlash lozimki, hokimning bu farmoyishi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-sonli «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qaroriga zid ravishda qabul qilingan.

Hukumat qarorining 2-bo‘lim «a» bandiga ko‘ra, umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston prezidentining tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lgandagina tashkil etish mumkin.

Xalq ta’limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati aralashuvidan so‘ng Jizzax viloyati hokimining 2018 yil 2 noyabrdagi «So‘g‘diyona professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida"gi 360-f sonli farmoyishi 2018 yil 10 noyabrdagi 369-f-sonli farmoyish bilan bekor qilinishi ta’minlandi.

Hozirda «So‘g‘diyona» futbol klubi hisob raqamiga noqonuniy o‘tkazilgan pul mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rilmoqda.