So‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari «O‘zA» Milliy axborot agentligi ma’lumotlariga tayanib, 15 kun ichida O‘zbekistondagi Internet tezligini 10 barobarga oshirishini ma’lum qildilar. «O‘zbektelekom» AK ushbu ma’lumotni rasmiy ravishda izohladi.

2018-yilning 9 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish vaxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari internet tarmog‘iga ulanish narxini pasaytirish, shuningdek, ulanish tezligini oshirish, 2020 yilgacha MDH mamlakatlari darajasiga yetkazish topshirig‘ini berdi.

Kompaniya ishlari barcha yo‘nalishlarda yuritilmoqda: ma’lumotlar uzatish tarmog‘i kengaytirilmoqda, aholi internet tarmog‘iga yuqori tezlikda ulanish bilan ta’minlanishi oshirilmoqda, mijozlarga xizmat ko‘rsatilmoqda va xalqaro hamkorlar bilan faol aloqa saqlanmoqda.

O‘tgan 10 oy mobaynida, «O‘zbektelekom» AKda zarur takomillashish ishlari tizimli tahlil qilindi, kerakli uskunalar sotib olindi, dasturlar ishlab chiqildi va tashqi kanal imkoniyatlarini kengaytirish va provayderlar, operatorlar va oxirgi foydalanuvchilar uchun internet tarmog‘iga chiqish tezligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning boshida O‘zbekiston tashqi internet-kanallariga ulanish faqat ikkita xalqaro bog‘lama orqali amalga oshirilardi. 2018 yil boshida bog‘lamalar o‘z mahsuldorligining chegarasida, deyarli ishlamay qolgandi. Shu munosabat bilan bugungi kunda kompaniyaning texnik xizmatlari bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlarini o‘tkazmoqda, buning natijasida «O‘zbektelekom» AK shu yilning oxiriga qadar, UZTELECOMdan kanal sotib olgan operatorlar va provayderlar iste’moli uchun zarur bo‘lgan tezlikni ta’minlay oladi.

Provayderlar va operatorlarning barcha arizalari cheklovlarsiz va to‘la hajmda qondiriladi. UZTELECOM kompaniyasi UZONLINE va UZMOBILE abonentlari uchun yanada jozibador tarif rejalarini joriy etishni rejalashtirmoqda.