Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun Avstraliyaning Brisben shahrida Livan terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. Uchrashuv 0:0 hisobidagi durang bilan yakuniga yetdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi bo‘limda o‘zbekistonlik futbolchilar to‘pni nazorat qilishga harakat qildi. Livan esa qarshi hujumga ko‘proq e’tibor qaratdi. Ikkinchi bo‘limni vakillarimiz ancha faol boshladi. Ammo 59-daqiqada Davron Hoshimov qo‘pollik ishlatib, ikkinchi sariq kartochkani oldi va maydonni tark etdi.

Bir kishi ko‘p bo‘lib harakat qilgan Livan xavfli hujumlar tashkil qildi. Ammo himoyachilarimiz ishonchli o‘ynab bu hujumlarni bartaraf etib turishdi. Bir kishi kam bo‘lib harakat qilishlariga qaramay, o‘zbekistonliklar so‘nggi daqiqalarda ancha faol harakat qilishdi. Ketma ket hujumlar tashkil qilishdi. Ammo bu hujumlar gol bilan yakunlanmadi.

Shu tariqa o‘yinda hisob ochilmadi. Ektor Kuper mazkur nazorat uchrashuvida futbolchilarning imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazib olganini alohida ta’kidlab o‘tish kerak.

Endi 20 noyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi.

O‘zbekiston — Livan 0:0

O‘zbekiston: 12. Eldorbek Suyunov, 4.Davron Hoshimov, 5.Anzur Ismoilov ©, 3.Yegor Krimets, 19.Vladimir Kozak, 17.Doston Hamdamov, 16.Otabek Shukurov, 7.Odil Hamrobekov, 22.Javohir Sidiqov, 8.Ikrom Aliboyev, 10.Marat Bikmayev

Zaxira: 1. Ignatiy Nesterov, 25. O‘tkir Yusupov, 2. Akmal Shorahmedov, 6. Husniddin G‘ofurov, 13. Oleg Zoteyev, 15. Aziz Turg‘unboyev, 18. Doston Tursunov, 20. Islom To‘xtaxo‘jayev.

Livan: 1. Mehdi Kahlil, 2. Qosim Al-Zayn, 3. Mo‘’taz Billah Al Junaydi, 5. Nosir Nassar, 6. Joan Umariy, 7. Hasan Maatuk ©, 10. Muhammad Haydar, 13. Jorj Feliks Melki, 15. Samir Ayyas, 19, Robert Aleksandr Melki, 22. Bassel Jradi.

Zaxira: 21. Mustafo Matar, 23. Abbos Hasan, 4. Nur Mansur, 8. Hasan Chaito, 11. Omar Chaaban, 12. Adnan Haydar, 14. Nodir Matar, 16. Hasan Chaitu, 18. Valid Ismoil, 20. Rabih Atoya.