Google Developers Group (GDG)ning asosiy tadbirlaridan biri bo‘lgan GDG-DevFest dasturchilar festivali ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Festival 24 noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Tadbir GDG Tashkent guruhi, Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Google kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida amalga oshiriladi.

GDG-DevFest festivali Google Developers Group jamoalari tomonidan har yil o‘tkaziladigan global tadbirlardan biridir. Ushbu tadbir doirasida dasturchilar, IT-mutaxassislar va yangi texnologiyalarga befarq bo‘lmagan odamlar Google kompaniyasining so‘ngi texnologiyalari va ishlanmalari bilan tanishadilar.

GDG-Tashkent — DevFest festivalida ishtirok etish uchun Google kompaniyasining mutaxassisi Eli Kaplan Toshkentga tashrif buyuradi.

Festival ishtirokchilari mahalliy va xorijlik mutaxassislar bilan axborot texnologiyalari sohasidagi so‘nggi tendensiyalarni kun davomida muhokama qilishadi.

Xususan, ishtirokchilar blokcheyndan foydalanish, mobil ilovalarni yaratish, VR/AR texnologiyalarini biznesga ishlatish va boshqa mavzulardagi muhokamalarda ishtirok etadilar.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yildan boshlab IUT yosh mutaxassislar uchun Google I/O Extended Tashkent konferensiyasini o‘tkazib kelmoqda. Konferensiya o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarini Google kompaniyasining innovatsion yechimlari bilan tanishish uchun o‘ziga xos platforma sifatida xizmat qilmoqda.