O‘zbekiston 2021-yil oxiriga kelib Jahon banki guruhining “Biznes yuritish” hisoboti “Qurilish uchun ruxsatnomalar olish” indikatori bo‘yicha jahonning 50 ta ilg‘or mamlakatlari qatoridan o‘rin olish niyatida. Qurilish faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning zamonaviy standartlarini joriy etish, investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida normativ-huquqiy bazani to‘liq qayta ko‘rib chiqish ham ko‘zlanmoqda. Hujjat loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda, deya xabar bermoqda Norma.uz sayti.

Yangi tartib

Uni to‘rt bosqichda joriy etish rejalashtirilmoqda, har birining mazmuni jadvalda ko‘rsatilgan:

2018-yil 1-dekabrdan:

2019-yil 1-yanvardan:

2019-yil 1-martdan:

2020-yil 1-yanvardan:

1) loyiha-smeta hujjatlari kelishilganidan va qurilish loyihasi ekspertizasining ijobiy xulosasi berilganidan so‘ng qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnoma olish tartibi bekor qilinadi;

2) loyiha-smeta hujjatlari kelishilganligi va qurilish loyihasi ekspertizasining ijobiy xulosasi berilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomalar kelishuv va ekspertizani amalga oshiruvchi organlar (ishchi organlar) tomonidan qurilish sohasida nazorat qiluvchi inspeksiyalarga yuboriladi va nazorat funksiyalarini amalga oshirish uchun ariza beruvchilar bilan shartnoma tuzishga asos hisoblanadi;

3) qurilish loyihalarining smeta qismini ekspertizadan o‘tkazish barcha qurilish ob’ektlari uchun majburiy hisoblanadi, qurilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilayotgan ob’ektlar bundan mustasno;

4) qurilishi tugallangan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish qurilish sohasida nazorat qiluvchi inspeksiya, kadastr organlari, buyurtmachi, pudratchi (bosh pudratchi) vakillari ishtirokida amalga oshiriladi, davlat xaridlari sub’ektlarining mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar qurilishi bundan mustasno;

5) yuridik shaxsning shtatida tegishli sertifikatga ega bo‘lgan va mazkur yuridik shaxsda doimiy asosda ishlayotgan kamida ikkita muhandis bo‘lganda yoxud yuridik shaxslar — O‘zbekiston Muhandislar-konsultantlar uyushmasi a’zolariga loyiha faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi;

6) loyihalarni pudrat va loyiha tashkilotlari o‘rtasida konsorsium tashkil etish yo‘li bilan, basharti konsorsium ishtirokchilariga loyihani sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun solidar javobgarlik yuklatilsa, “fast-track” usulida (bir vaqtning o‘zida loyihalash, xarid qilish va qurilish ishlari) “foydalanishga tayyor holda” (EngineeringProcurementConstruction) amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi

1) Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo mamlakatlarning vakolatli organlari, tashkilotlari, jamiyatlari va birlashmalari tomonidan berilgan, loyiha va qurilish faoliyatini amalga oshirish uchun sertifikatlar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar (litsenziyalar) tan olinadi;

2) milliy qurilish normalari va qoidalarini ishlab chiqish va takomillashtirish, shuningdek xorijiy qurilish normativ-texnik hujjatlarini moslashtirish faqat tanlov asosida amalga oshiriladi;

3) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi milliy qurilish normalari va qoidalarini ishlab chiqish va takomillashtirish, shuningdek xorijiy qurilish normativ-texnik hujjatlarini moslashtirish va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlarning buyurtmachisi bo‘ladi;

4) mulkchilik shaklidan qat’i nazar, milliy va xorijiy yuridik shaxslar, jamoat va xalqaro tashkilotlar, shuningdek soha ilmiy-tadqiqot muassasalari milliy qurilish normalari va qoidalarini qayta ko‘rib chiqishda, shuningdek xorijiy qurilish normativ-texnik hujjatlarini moslashtirishda ishtirok etishga haqli;

5) qurilish normalari va qoidalari har tomonlama ekspertiza o‘tkazish natijalariga asoslangan holda Qurilish vazirligining qarori bilan tasdiqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida majburiy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;

6) belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan qurilish standartlari, texnik reglamentlar, qurilish normalari va qoidalarining yagona katalogini yuritish, rasmiy veb-saytda e’lon qilish orqali undan erkin foydalanishni ta’minlash va muntazam yangilash vazifasi “O‘zstandart” agentligiga yuklatiladi

1) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq malakaga ega bo‘lishi majburiy hisoblangan, loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlashtirish O‘zbekiston Muhandislar-konsultantlar uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi;

2) mualliflik va texnik nazorat ob’ektlar qurilishining barcha bosqichlarida majburiy hisoblanadi hamda tegishincha loyiha muallifi va buyurtmachisi tomonidan yoki sertifikatlangan ekspertni jalb etgan holda amalga oshiriladi;

3) qurilish ob’ektlarining mualliflik nazorati, texnik nazorati va qurilish inspeksiyasini faqat belgilangan tartibda sertifikatlangan jismoniy shaxslar amalga oshiradilar

uy-joy qurilishi ob’ektlari loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini bajarish bosqichida majburiy tartibda energiya jihatidan samarador va energiya tejovchi uskunalar bilan jihozlanishi, shuningdek foydalanishga qabul qilinishi uchun energetik audit pasportini olishi shart, BREEAM (binolar samaradorlini ekologik baholash usuli) va LEED (energiya jihatidan samarador va ekologik loyihalashtirish bo‘yicha qo‘llanma) xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan obyektlar bundan mustasno

Shaharsozlik normalari qayta ko‘rib chiqiladi

2019−2021 yillarda davlat qurilish standartlari, texnik reglamentlar, qurilish normalari va qoidalari bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shaharsozlik kodeksining yangi tahriri ishlab chiqilishi lozim. Kodeks uni amalga oshirishga doir protsessual mexanizmlarni o‘zida jamlashi kerak, shu jumladan:

asosiy prinsiplar, funksiyalar va qurilishni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar, normativ-texnik hujjatlarni joriy etish va ularning kataloglarini yuritish, qurilish sohasida akkreditatsiyalash tartibi;

bosh rejalar, batafsil rejalashtirish loyihalari, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilishga buyurtmanomalarni kelishish, davlat pudrat shartnomasini ishlab chiqish va tuzish tartibi;

shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, qurilish ob’ektlarining qurilish inspeksiyasini amalga oshirish va foydalanishga qabul qilish tartibi;

loyihalashtirish va qurilish sohasida ishlovchi arxitektorlar va muhandislar malakasiga qo‘yiladigan talablarni, ularning javobgarlik darajasini, shu jumladan moddiy javobgarlik darajasini belgilagan holda qurilish sohasini professional jihatdan tartibga solish;

o‘tish davri qoidalari va, shu jumladan qurilish nazorati sifatini, konstruktiv xavfsizlikni, javobgarlik va sug‘urta tartibga solinishini, qurilish faoliyati sub’ektlari raqobat muhitini rivojlantirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlovchi boshqa masalalar.

Infratuzilma modernizatsiyalanadi

Xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va mamlakat hududiga ilk bor olib kiriladigan qurilish asbob-uskunalari, texnikasi, materiallari va buyumlarini sertifikatlaydigan sinov laboratoriyalarini tashkil etish taklifi ilgari surilmoqda.

Qurilish obyektlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ta’mirlash sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat turlari sertifikatlashtirish, akkreditatsiyalash va litsenziyalash orqali tartibga solinishini qayta ko‘rib chiqish lozim. Loyihalashtirish va qurilish sohasidagi faoliyatni litsenziyalashning soddalashtirilgan mexanizmini tasdiqlash rejalashtirilmoqda, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

2019-yil 1-martdan loyihalashtirish va qurilish sohasidagi faoliyatni sertifikatlashtirish vakolatlarini O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasiga, qurilish sohasidagi akkreditatsiyalashni esa LBMA huzuridagi Akkreditatsiya markaziga topshirish;

O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasining loyihalashtirish va qurilish sohasida sertifikatlashtirish uchun mas’ul xodimlarining malakasi va tajribasiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;

aniq, batafsil litsenziya talablari va shartlari qayd etilgan litsenziya bitimi imzolanishini bekor qilish, shuningdek litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirishning samarali mexanizmi.

Taklif etilayotgan chora-tadbirlar kompleksi qurilish sohasidagi kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarning keng spektrini nazarda tutadi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.