O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan mamlakatdagi futbol murabbiylarining malakasini oshirish, murabbiylik faoliyatini rivojlantirish maqsadida «Chig‘atoy» sport bazasida OFK dasturi asosida PRO diplomi uchun xalqaro murabbiylik kurslari boshlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

O‘quv kurslarining ochilish marosimida O‘FA bosh kotibi Sardor Rahmatullayev, PFL bosh direktori Omon G‘ofurov, FIFA instruktorlari Garri Filips va Badr Ahmad, shuningdek, boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi.

«O‘zbekistonga yana tashrif buyurganimdan xursandman. FIFA instruktori sifatida yurtingizga uchinchi marta kelishim. O‘FA tomonidan ushbu xalqaro o‘quv kurslarini o‘tkazishda ko‘rsatilayotgan yordam uchun katta minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman. Men bu yerga shundoq ham o‘z ishini ustasi bo‘lgan murabbiylarni o‘qitish uchun emas, shunchaki o‘z bilimlarim bilan o‘rtoqlashish uchun kelganimni ham ta’kidlab o‘tmoqchiman», — dedi Garri Filips ochilish marosimida so‘zlagan nutqida.

PRO diplomi uchun o‘tkazilayotgan xalqaro murabbiylik kurslarida Ro‘ziqul Berdiyev, Ulug‘bek Baqoyev, Ja’far Irismetov, No‘’mon Hasanov, Jasur Abduraimov, Hamid Aktamov kabi mashhur mutaxassislar ishtirok etmoqda.