Toshkent shahridagi Xalqaro savdo markazida ekologik siyosiy partiya tuzish bo‘yicha tashabbuskorlar majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov va boshqalar bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish va uni sog‘lomlashtirish masalalari kechiktirib bo‘lmas, dolzarb vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

Atrof-muhit holatiga e’tiborsiz munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslardan me’yordan ortiq foydalanish va ekologik talablarni mensimaslik Orol dengizining qurishi, cho‘llanish, yer va suv resurslarining tanazzuli, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, biologik xilma-xillikning qisqarishi, ko‘p miqdordagi sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarning hosil bo‘lishi kabi bir qator global va mintaqaviy ekologik muammolar paydo bo‘lishiga olib kelgani qayd etildi.

Yig‘ilganlar ekologik siyosiy partiyaning ta’sis hujjatlarini tayyorlash, uning a’zolar tarkibini shakllantirish hamda ta’sis s’ezdini chaqirish vazifalarini amalga oshiruvchi tashkiliy qo‘mitani tuzish, shuningdek, tashkiliy qo‘mitaning tarkibi, rahbari, joylashgan manzili va ta’sis s’ezdini chaqirish muddati masalalarini muhokama qildi.

Mamlakatda ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida muayyan tajriba to‘plangan. Biroq sohadagi vazifalarning ko‘lami mamlakat miqyosida va alohida mintaqalarda ekologik holatni sog‘lomlashtirish muammolarini yaxlit holda hal etishda davlat organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning sa’y-harakatlarini birlashtirishni talab etmoqda.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida jamoat tashkilotlarining tashabbusi asosida O‘zbekiston Ekologik harakati tashkil etilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 15 deputatlik o‘rniga kvota ajratilishi esa atrof-muhit muhofazasi va ekologik holatni sog‘lomlashtirish ishlarida jamoatchilik ishtiroki faolligini oshirish imkonini berdi.

Mamlakatda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida O‘zbekiston ekologik harakati faoliyatida to‘plangan tajribalar asosida yangi siyosiy partiyani tashkil etish zarurati vujudga keldi. Albatta, ekologik siyosiy partiyaning asosiy e’tibori atrof-muhitni muhofaza qilish har bir fuqaroning umumiy ishi bo‘lishiga qaratiladi.

Muhokamalardan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilari bugungi va kelajak avlodlarning musaffo tabiatda yashashini ta’minlash, barqaror rivojlanish maqsadlarida iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof-muhitni muhofaza qilish va fuqarolar salomatligini saqlashga yo‘naltirilgan tizimli o‘zgarishlar jarayonida jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga da’vat qiladigan siyosiy kuch — ekologik siyosiy partiya tuzish taklifini ma’qulladi.

Atrof-muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga xayrixoh bo‘lgan keng jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan ekologik siyosiy partiya tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita shakllantirildi. Tashkiliy qo‘mitaga partiyani tashkil etish «Yo‘l xaritasi"ni, ta’sis hujjatlarini tayyorlash va boshqa tashkiliy-huquqiy jarayonlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Muhokama, taklif va mulohazalardan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilari partiyani O‘zbekiston ekologik partiyasi, deb nomlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.