13-noyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Anjuman davomida 2018-yil yakuniga qadar o‘tkaziladigan 48 ta jahon chempionati va 14 ta Osiyo chempionatlarida sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolarining muvaffaqiyatli ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida puxta tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Hozirgi paytda 2030-yilgi yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda. Buning uchun respublikadagi mavjud bo‘lgan sport inshootlari, logistika, transport va mehmonxona infratuzilmalari quvvatlarini tahlil qilish va chet el tajribasini o‘rganish asosida munosib sport infratuzilmasini yaratish masalalari yuzasidan hukumatga takliflar kiritiladi.

Tadbir yakunida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi islohotlarni jamoatchilikka yetkazishda alohida faollik ko‘rsatgan bir guruh jurnalistlarga “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.