Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi jamoatchilikka murojaat qilib, O‘zbekistondagi uchta muzey muammolarini hal etish bo‘yicha taklif va mulohazalarni yuborishni so‘radi.

13 noyabrdan boshlab xohlovchilar jamg‘armaning Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalarida muzeylar muammolarini hal etish bo‘yicha taklif va mulohazalarini qoldirishlari mumkin.

Muzeylarni renovatsiya qilish dasturidan O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi, Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘icton davlat san’at muzeyi hamda Oybek uy muzeyi o‘rin olgan. Jamg‘arma mazkur muzeylarga tashriflar sonini oshirish va ularda xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish uchun qator choralarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

«O‘zgarishni talab qiluvchi barcha jihatlarni hisobga olish uchun biz sinov tariqasida har bir o‘quvchidan yuqorida tilga olingan muzeylar faoliyati bo‘yicha taklif va mulohazalarni yozishni so‘raymiz, — deyiladi jamg‘arma xabarida. — Muzeylarga boring, o‘z kuzatuvlaringizni izohlarda biz bilan bo‘lishing. Har biringizning fikringiz muhim».

Renovatsiya dasturi avgust oxirida ish boshladi. Qamrab olingan uch muzeyda davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida tadbirkorlik sub’ektlari hamda insonparvarlik mablag‘larini jalb qilgan holda o‘zini o‘zi ta’minlash modelini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ularda 3D-vizualizatsiya va gologrammalar, QR-kodlar va xorijiy tillardagi elektron gidlar kabi interaktiv texnologiyalar joriy etiladi.