Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida San’at Umarov (1988 yilda tug‘ilgan, avval sudlanmagan, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman IIBda katta tezkor xodim bo‘lib ishlagan) ishi bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Eslatib o‘tamiz, 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIBda San’at Umarov va boshqalar o‘g‘irlikda gumon qilib olib kelingan ayolni tahqirlab, yechinishga majburlagan. Umarov ushbu jarayonni videotasvirga olgan va keyinchalik u «Ozodlik» radiosi tomonidan e’lon qilingan. Kattaqo‘rg‘ondagi hodisa ichki ishlar organlarida qator «tozalash"larning amalga oshirilishiga sabab bo‘ldi — yoz oxiriga qadar IIV O‘zbekiston bo‘ylab tuman va shahar IIBlariga 30 ga yaqin boshliqlar tayinlanganini ma’lum qildi.

San’at Umarov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206-modda 1-qism (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 235-modda 2-qism «a», «z» bandlari (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) va 241−1-moddasida (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

19 oktyabrga mo‘ljallangan sud majlisi jarayonida ayblov xulosasi, sudlanuvchi hamda jabrlanuvchi N.Toshmatova ko‘rsatmalari tinglangan, guvohlar so‘roq qilingan edi.

Sud jarayoni davom etmoqda, deya qayd etdi Oliy sud matbuot xizmati.

Oktyabr oyi oxirida Daryo internet-nashri Kattaqo‘rg‘onda IIO xodimi harakatlaridan jabrlangan ayol o‘g‘irlik sodir etganlikda gumon qilinib qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Oqdaryo tuman IIB tomonidan tergov olib borilmoqda. Ichki ishlar organlari bu haqda rasmiy izoh bergani yo‘q.