Davlat xizmatlari agentligi delegatsiyasi hujjatlarni raqamlashtirish uchun professional uskunalar ishlab chiqaruvchi mashhur “MICROBOX GmbH” kompaniyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ish safarining asosiy maksadlari ichida — davlat xizmatlari sohasini raqamlashtirish borasidagi ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, zamonaviy skanerlarni boshqarish uchun o‘quv mashg‘ulotlari, shuningdek, arxiv ma’lumotlarini raqamlashtirish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish kabi rejalar mavjud. Bundan tashqari, O‘zbekistonga zamonaviy skanerlash uskunalarini yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgan kunidanoq o‘zini innovatsion jarayonlarini harakatlantiruvchi kuch sifatida namoyon qildi. Shu bois, Davlat xizmatlari markazlari tizimida yangi — arxivarius lavozimini joriy etish hisobiga FHDYo organlari arxiv hujjatlarini taqdim etish jarayonida ularni qo‘lda izlashdan voz kechish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2022-yil 1-yanvarga qadar avtomatlashgan “FHDYo yagona elektron arxivi” tizimini shakllantirish rejalashtirilgan.

“MICROBOX GmbH” tomonidan taqdim etilayotgan professional yechimlar dunyodagi eng yaxshilar qatoriga kiradi. Mutaxassislarning aytishicha, mazkur uskunalar raqamli arxivlarni yaratish bo‘yicha deyarli hamma vazifalarni bajarishi mumkin.