Sog‘liqni saqlash vazirining 2018-yil 12-noyabrda 3087-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan buyrug‘i bilan shifokor retseptisiz beriladigan dori vositalari bo‘yicha hujjatning yangi versiyasi tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.

Eslatib o‘tamiz, ro‘yxatga kiritilmagan dori vositalari dorixonaga faqat maxsus blankadagi shifokor retsepti taqdim etilganda realizatsiya qilinadi (“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunning 20-moddasi, Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 27-bandi). Mazkur qoidaning muntazam ravishda (bir yil davomida 2 va undan ortiq marta) buzilishi dorixona litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib qo‘yish uchun asos bo‘ladi (Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 49-bandi).

Qabul qilingan ro‘yxat monopreparatlarning 188 ta pozitsiyasini (ilgarigisida — 191 ta pozitsiya), shuningdek majmuaviy preparatlarning 1085 ta pozitsiyasini (ilgarigisida — 1063 ta) o‘z ichiga olgan.