Innovatsion texnoparklar davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritadilar. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Hujjatda texnopark maqomini berish tartibi va shartlari, uning faoliyat yo‘nalishlari va funksiyalari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik shakllari va h.k. nazarda tutilgan.

Boshqalar qatori «texnopark» tushunchasi ochib berilgan. Oddiy qilib aytganda, u innovatsion mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish va innovatsion faoliyat natijalarini ishlab chiqarishga joriy etishga xizmat qiladi. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizning Yunusobod, Sergeli, Yakkasaroy tumanlarida bir nechta texnoparkka; «Yashnobod» texnoparkiga; TTESI huzurida O‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparkiga asos solingan.

Texnoparklar quyidagi sohalarda ilmiy tadqiqotlarni, sanoatda tajriba sinovlarini o‘tkazishga, innovatsion namunalarni o‘zlashtirish uchun berishga ixtisoslashtirilishi kutilmoqda:

  • kimyo texnologiyalari, biotexnologiyalar, farmatsevtika va tibbiyot biotexnologiyalari, o‘simliklarni himoya qilish vositalari;
  • materialshunoslik, metallarga ishlov berish texnologiyalari, seysmik chidamlilik, qurilish materiallari;
  • oziq-ovqat sanoati;
  • energiya tejash, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarish;
  • elektron o‘lchov asboblari, robot texnikasi, mashinasozlik, elektr texnika.

Texnoparklarni tashkil etish va tugatish vazifasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuklatildi. Texnopark faoliyatini direksiya boshqaradi. U rezidentlarni jalb etib, uning hududida joylashtiradi.

Texnoparklar hududida loyihalarni amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shakllari taklif etilmoqda:

  • texnoparklar binolari qurilishi uchun yer uchastkalarini bepul asosda doimiy foydalanishga berish;
  • innovatsion faoliyat yuritish uchun bo‘sh turgan davlat ob’ektlarini «nol» xarid qiymatida berish;
  • foydalanilmayotgan binolar yoki korpuslarni xususiy sheriklarga uzoq muddatga bepul foydalanishga berish;
  • konsessiya asosida qurilish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun yer uchastkasi yoki binoni ajratish;
  • xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil etilgan innovatsion texnoparklarni moddiy-texnikaviy va moliyaviy jihatdan ta’minlash.

Loyihalar davlat yoki xususiy sherik tashabbusiga ko‘ra kelishuv asosida amalga oshiriladi.

Ajratiladigan yer uchastkalarini, shuningdek foydalanilmayotgan bo‘sh turgan binolarni viloyat hokimliklari Innovatsion rivojlanish vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra belgilaydilar. Ularning o‘zlari bo‘sh turgan davlat ob’ektlari «nol» xarid qiymatida uzoq muddatli bepul foydalanishga berilishini ta’minlaydilar.

Texnopark maqomini qanday olish mumkin?

Buning uchun quyidagilar mavjud bo‘lishi talab etiladi:

a) innovatsion loyiha hamda vakolatli organning ijobiy xulosasi;

b) quyidagilar nazarda tutilgan texnoparkni tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasi:

imkon qadar ko‘p sonli rezidentlarni jalb etish va texnopark hududida joylashtirish;

texnopark rezidentlariga zarur servis xizmatlarini ko‘rsatish;

texnopark rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash, sh. j.: investorlarni jalb etish uchun innovatsion loyihalarga ekspert bahosi berish, innovatsion faoliyatning axborot ta’minoti, ofis, laboratoriya va ishlab chiqarish maydonlarini imtiyozli shartlarda taqdim etish;

v) alohida hudud doirasida umumiy maydoni kamida 1000 m² texnopark egallagan ishlab chiqarish va ofis binolari;

g) faoliyat yuritayotgan kommunikatsiyalar, aloqa, kichik ishlab chiqarishlar, laboratoriyalar, tarkibiy bo‘linmalar va h.k. bo‘lgan ishlab chiqarish va ofis binolari. Ular «g‘oyadan tajriba namunasigacha va, keyinchalik, sanoat mahsulotigacha» prinsipi bo‘yicha innovatsion faoliyatning to‘liq sikli uchun texnopark rezidentlariga beriladi;

d) innovatsion korxonalarning kuzatuv (ekspert) kengashi, o‘quv markazi, servis xizmatlari markazi;

ye) texnoparkni rivojlantirish uchun zaxira maydonlar.

Kim mablag‘ ajratadi?

Texnopark loyihalari quyidagi manbalardan moliyalashtirilishi rejalashtirilmoqda:

  • davlat byudjeti va mahalliy byudjetlarning mablag‘lari;
  • jalb etiladigan innovatsion faoliyat sub’ektlarining byudjetdan tashqari manbalardan olingan mablag‘lari, sh. j. kredit, xalqaro, sug‘urta tashkilotlari, innovatsion venchur fondlar va boshqa investorlarning mablag‘lari;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ajratgan mablag‘lari;
  • kreditlar va grantlar;
  • xorijiy va mahalliy investitsiyalar;
  • texnoparkning innovatsion va ilmiy-tadqiqot, maslahat berish va boshqa faoliyatidan olingan mablag‘lari;
  • boshqa taqiqlanmagan manbalar.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.