General Electric kompaniyasi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish uchun uskunalarning birinchi navbatini yetkazib berish ishlarini yakunladi, deya xabar qildi GE vakolatxonasi «Gazeta.uz"ga.

Modernizatsiya doirasida qurilayotgan ikkita yangi blok uchun ikki dona gaz turbinasi va ikkita generator yetkazib berildi. Mazkur loyiha GE hamda Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering va Hyundai Engineering and Construction kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Uskunalar dastlab Vlissingen portiga (Niderlandiya), u yerdan O‘rta Yer dengizi, Qora va Azov dengizlari, so‘ngra Volga-Don kanali orqali Kaspiy dengiziga Qozog‘istonning Kurik portiga qadar olib kelinib, u yerdan yuk avtotransport mashinalarida O‘zbekistondagi qurilish maydonchasiga yetkazildi.

Loyihada umumiy quvvati 580 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz uskunasi (BGU) qurilishi ko‘zda tutilgan. BGUning ilk navbatini ishga tushirish 2020 yilga rejalashtirilgan.

Modernizatsiya doirasida GE har biri GT13E2 gaz-turbina qurilmasi, bug‘ turbinasi va generatorlardan iborat ikkita asosiy uskuna komplektini yetkazib berishi kutilmoqda. Bundan tashqari, kompaniya eng oxirgi buyurtmachiga uskunaning uzoq muddat ishlashini kafolatlaydi, uni montaj qilishda konsultatsion xizmatlarni ko‘rsatadi va stansiya xodimlari uchun ta’limiy treninglar o‘tkazadi.

O‘zbekiston energetika sektorini modernizatsiya qilish doirasida GE Toshkent IES uchun ham uskunalar yetkazib bergan. 2017 yil oxirida IESda 370 MVt quvvatga ega GE uskunalari asosida yangi bug‘-gaz bloki foydalanishga topshirilgan edi.

Bugungi kunda Taxiatosh IESning belgilangan quvvati 730 MVt ni tashkil etadi. Birinchi energoblok 1956 yilda, oxirgisi (beshinchisi) esa 1990 yilda foydalanishga topshirilgan.