Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan respublikadagi barcha sport inshootlari haqidagi ishonchli ma’lumotlar jamlangan onlayn tizim yaratildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 20 sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda sohaning oldida turgan vazifa va muammolar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tilib, sport ob’ektlarini qurishda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish vazifalari belgilangan edi.

Shunga muvofiq, bugungi kunda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal tadbiq etilmoqda hamda bu borada vazirlikning stat.sport.uz domeni ostida axborot tizimi ishlab chiqildi.

Ushbu tizim orqali ayni vaqtda respublika hududlarida qurilish-ta’mirlashda ob’ektning shartnoma qiymati, moliyalashtirilgan mablag‘lari, bajarilgan ishlar xajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek har bir amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fotosuratlar hamda izohlarni onlayn kuzatib borish imkoniyatidan foydalanish mumkin.

Shu bilan birga ushbu tizim orqali respublika investitsiya dasturi hamda Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan sport inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotgan ob’ektlarning kunlik monitoringi;

respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan barcha sport inshootlari va muassasalari haqida ma’lumot;

respublikada faoliyat yuritayotgan trenerlar, ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining (instruktor) sifat tarkibi monitoringi va tahlili haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

(https://stat.sport.uz) monitoring tizimi viloyat va tumanlardagi ishlarning borishini kuzatish, ta’mir va qurilish ishlari rejalarining bajarilishi bo‘yicha hududlar reytingini tuzishga imkon yaratadi.

Sport inshootlarining qurilish-ta’mirlanishida har bir amalga oshirilgan ishlari yuzasidan fotosuratlar hamda izohlar joylashtirib borilishi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning nechog‘lik shaffofligi va natijadorligini beradi.

Shuningdek, kelajakda mazkur axborot tizimini yanada boyitish maqsadida ommaviy sport tadbirlari, xalqaro musobaqalar va turnirlar, jahon va Osiyo chempionatlarini o‘tkazish rejalari hamda ularning tahliliy natijalari to‘g‘risidagi qiziqarli ma’lumotlarni joylab borish rejalashtirilgan.