Aksariyat xorijiy investorlar O‘zbekiston erkin iqtisodiy zonalarga mablag‘ kiritganidan afsuslanmoqda. «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va Shveysariyaning PeaceNexus jamg‘armasi o‘tkazgan o‘rganishlar ushbu xulosani namoyon etdi.

Spot nashrining xabar qilishicha, o‘rganishlar «Angren» va «Navoiy» erkin iqtisodiy zonalarida o‘tkazildi, uning yakunlarini esa loyiha milliy konsultanti Ziyodullo Parpiyev davra suhbati davomida taqdim etdi.

Ikki oy davomida EIZlarning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sohalardagi muammolarini aniqlash uchun joylarga chiqilib, o‘rganishlar olib borildi.

O‘rganishlar yakunlari shuni ko‘rsatdiki, EIZlar O‘zbekiston sanoatini rivojlantirish lokomotivlariga aylana olmadi, ularning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi haminqadar. Ekspertlar erkin iqtisodiy zonalar o‘rtasidagi kooperatsiyaning zaifligi, ishlarni muvofiqlashtirishga javobgar yagona davlat tuzilmasining yo‘qligi kabi sabablarni sanab o‘tdi.

So‘nggi ikki yil davomida O‘zbekistonda 18 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etildi. Birinchi EIZlar — «Navoiy», «Angren» va «Jizzax» 2008−2013 yillarda tashkil etildi. Mamlakatda 21 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 9 tasi sanoat, 7 tasi farmatsevtik, 2 tasi qishloq xo‘jaligi, shuningdek turistik, transport-logistik va sport inventarlarini ishlab chiqarish yo‘nalishida.

Bunda ro‘yxatga olingan ishtirokchilar soni 402 tani tashkil etsa, ularning bor-yo‘g‘i 112 tasi o‘z faoliyatini boshlagan.

Boshqaruvda qanday muammolar bor

EIZ boshqaruv tizimi to‘rt guruhga bo‘linadi:

  • erkin-iqtisodiy zonalar direksiyasi;
  • ma’muriy kengashlar — ularni EIZlar joylashgan viloyatlar hokimlari boshqaradi;
  • respublika darajasida — Iqtisodiyot vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi;
  • bosh vazir boshchiligidagi EIZ va KSZ ma’muriy kengashlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi.

Murakkab boshqaruv tizimi birinchi navbatda investorlarga ko‘plab muammolarni yaratmoqda. Direksiyalar salohiyatli investorlarga yer, bino va inshootlarni taqdim etish huquqiga ega emas. Qaror ma’muriy kengashlar tomonidan qabul qilinadi va ko‘p hollarda ko‘p oylar davomida cho‘ziladi. Bunda kengash respublikaga bo‘ysunuvchi vazirlik va mahkamalar balansidagi yer, bino va inshootlar bo‘yicha qaror qabul qila olmaydi.

Respublika darajasida Iqtisodiyot vazirligi va Davlat investitsiyalar qo‘mitasining mavjudligi chalkashlikni vujudga keltiradi: kim nimaga javobgar ekani tushunarsiz.

Bundan tashqari, ko‘plab EIZlar muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari yaratilmasdan ochilmoqda. Ko‘plab korxonalar gaz, suv, elektr energiyasiga tizimlariga ulanmagan.

Hozirgacha Respublika kengashining yuridik maqomi aniq emas, biroq uning qarorlarini bajarish majburiy. Mazkur qarorlar ustidan shikoyat qilish imkoniyati yo‘q. Bu esa investorlarning davlat boshqaruv organlariga ishonchining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Ekspertlar EIZlar faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish bo‘yicha markazlashtirilgan vakolatlar haddan ziyod ko‘p ekanini ham qayd etishmoqda.

5 mln dollardan ortiq qiymatdagi investitsion loyihalar bo‘yicha kelishuvlar vazirlik va mahkamalar darajasida ko‘rib chiqilishi lozim. Shu bilan birga, katta miqdordagi mablag‘larni kiritishga tayyor investorlar uchun ko‘p bosqichli murakkab kelishuvlarning mavjudligi jarayonni qiyinlashtirmoqda.

Tadqiqot mualliflari EIZlarga xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilish bo‘yicha yagona strategiya mavjud emasligini ham qayd etishdi. EIZ vebsaytlari tizimlashtirilmagan, ingliz tilida yagona sayt ishlab chiqilmagan, EIZlar individual saytlari haqidagi ma’lumotlar yo‘q.

Investorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar yakunlari

Investorlar erkin iqtisodiy zonalarda biznes yuritishga kuchli xalal berayotgan ayrim muammolarni sanab o‘tdi.

Birinchi navbatda ular ishchi vizalarini olishdagi murakkablikni qayd etdi. Bu boradagi vaziyat prezidentning xorijdan chet ellik mutaxassislarni jalb qilish uchun sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinganidan so‘ng o‘zgarishi kutilmoqda.

Investorlar uzoq davom etuvchi byurokratik jarayonlar hamda davlat hokimiyati organlari tomonidan ular murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlaridan ham shikoyat qilmoqda. Davlat ekologiya qo‘mitasi xulosasini olish, qurilishga va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishga ruxsat olish ko‘plab oylar davom etadi.

So‘rovda ishtirok etgan bir investor Davlat ekologiya qo‘mitasidan olti oydirki xulosa ololmagani, uch oydan buyon qurilishga ruxsatnoma berilishini kutayotganini ma’lum qilgan.

EIZlar huzurida erkin zona ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatishi lozim bo‘lgan logistika xizmatlari tashkil etilmagan. «Navoiy» EIZda buni EIZ hududida faqatgina ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar bo‘lishi mumkinligi bilan izohlangan.

Korxonalar Respublika tovar-xom ashyo birjasidan kerakli miqdorda xom ashyo sotib olishda ham muammolarga duch kelishini ma’lum qilgan. Bu nima uchun mamlakatga kirib kelgan investitsiya samara bermayotgani, investorlar o‘z biznesini rivojlantira olmayotganiga eng asosiy sabablardan biri.

Bundan tashqari, zarur qarorlarni olish jarayonlari haqida ingliz tilida ma’lumotlar mavjud emas.

Davlat kompaniyalar («O‘zbekiston havo yo‘llari» va «O‘zbekiston temir yo‘llari») tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxlari juda baland. Masalan, Navoiydagi «Tinchlik» stansiyasida turgan 40 futlik konteynerni «Navoiy» EIZgacha (25 km) olib borish narxi 500 dollarga tushmoqda.

EIZlar yaqinida investorlar talablariga javob beruvchi ijtimoiy infratuzilmalar yaratilmagan. Ular EIZlardan xabar olish uchun borib, imkon qadar shu kunning o‘zida Toshkentga qaytib ketishni ma’qul ko‘rishmoqda.

Aksariyat investorlar EIZlarga investitsiya kiritganlaridan afsuslanmoqda. So‘rovda: «Agarda yana qaror qabul qilish imkoniyati bo‘lsa, qayerga investitsiya kiritar edingiz?» degan savol berilganida, ular Toshkent va unga yaqin Toshkent viloyati tumanlari deya javob bergan. Ushbu hududlarda soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar bo‘lmasa ham.

EIZ ishchilari va yaqin hududlarda yashovchi aholi fikri

Tadqiqotlar davomida erkin iqtisodiy zonalardagi ayrim korxonalarda birinchi navbatda zararli ishlab chiqarishda band bo‘lgan ishchilar uchun maqbul mehnat sharoitlari yaratilmagani, ishchi va xodimlar huquqlari himoyalanmagani aniqlandi. Chang, shovqin va boshqa zararli ta’sirlardan himoya qilish bo‘yicha talablarga rioya etilmagan, aksariyat hollarda himoya kamzullariga bepisandlik bilan qaralgan.

Ko‘plab holatlarda kunduzgi va kechki smenalarda ishlash sharoitlari bo‘yicha mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilmagan. Ular bir xil maosh to‘lamoqda, bu Mehnat kodeksiga zid.

Ishchilar aksariyat holatlarda haftasiga 60 soatdan ishlab, ortiqcha ishlangan soatlar uchun belgilangan ortiq o‘rnatilgan ish haqini olmagan.

Jamoat transporti yomon tashkil etilgan, oqibatda ishchilar ishga borish-kelishda qo‘shimcha xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Angrenda korxonalar va aholi punktlari o‘rtasida sanitar zonalar ajratilishi to‘g‘risidagi milliy qonunchilik talablariga rioya etilmagan.

Mahalliy aholi erkin iqtisodiy zonalar faoliyati natijasida hayot sharoitlari sezilarli darajada o‘zgarganini (daromadlar, atrof-muhitning yaxshilanishi) payqagani yo‘q.

Loyihada ishtirok etayotgan mahalliy va xorijiy ekspertlar EIZlar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarni tayyorlab, ularni davlat organlari va mamlakat hukumatiga taqdim etadi. Mualliflar erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasini ishlab chiqishni tavsiya etmoqda.