13 noyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida o‘tayotgan yilning 9 oyi davomida davlat byudjetining ijrosi va 2019 yilgi davlat byudjeti loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Deputatlar «iste’mol narxlari o‘zgargani sababli» aholining umumiy daromadlarining real o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 111,4 foizni (Davlat statistika qo‘mitasi маълумотларигакўра, 2017 yilning to‘qqiz oyi davomida 110,6 foiz), umumiy daromadlarning aholi jon boshiga nisbatan real o‘sishi sur’atlari esa 109,5 foizni (2017 yilning xuddi shu davrida 108,8 foiz) tashkil qilganini qayd etdi.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablag‘lar sarflandi. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 11,8 foizni tashkil etdi. 19 trln so‘m yoki ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘larning 65,8 foizi oylik maoshlarni moliyalashtirish va ish haqlariga ajratmalarga yo‘naltirilgan.

2019 yilgi davlat byudjeti loyihasini hamda 2019−2021 yillarda byudjet siyosati maqsadlarini ko‘rib chiqar ekan, deputatlar turar joylar va aholining ijtimoiy-maishiy sharoitlari, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimlarini yaxshilash, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildi.

2019 yilda 54 foiz davlat byudjeti xarajatlari ushbu maqsadlarga yo‘naltiriladi va bunda ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ustuvor ahamiyatini saqlab qoladi. 2019 yilda ijtimoiy xarajatlarga 57,8 rln so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Jumladan, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va tovon pullari xarajatlari 5,3 trln so‘mni tashkil etadi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 58,5 foizga ko‘p demakdir. Moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan va 14 yoshgacha farzandli oilalar sonini oshirish maqsadida 643,5 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Bu moddiy yordam oluvchi oilalar sonini 507 mingtadan 621 mingtaga yoki 1,2 martaga oshirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi 2019 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi, soliq va byudjet siyosati konsepsiyasi hamda 2020−2021 yillarda prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlagan edi. Hozirda hujjatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan o‘rganilmoqda, Moliya vazirligiga esa 15 noyabrga qadar rasmiy saytiga «Fuqarolar uchun byudjet» loyihasini joylashtirish topshirilgan.

YUNISEF tomonidan 2018 yilda O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimlarini baholash uchun uy xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan umummilliy so‘rov esa kam daromadli oilalarning 75 foizi ijtimoiy nafaqa olmasligini ko‘rsatdi. Ekspertlar mamlakatda ijtimoiy himoya tizimi uzuq-yuluq degan xulosaga kelgan. Bu, o‘z navbatida, sohaga investitsiyalar kiritish samarasiz ekanini tasdiqlamoqda.

YUNISEF hamda davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari milliy ijtimoiy himoya strategiyasini ishlab chiqish va ijtimoiy himoya sektori uchun javobgar bo‘lgan yagona organ tashkil etish orqali soha holatini yaxshilash mumkinligini ta’kidladi.