Shanba kuni Toshkent hokimiyatida Transport va yo‘l-transport infratuzilmalarini rivojlantirish departamenti rahbariyati va velohamjamiyatlar vakillari o‘rtasida shaharda to‘laqonli velosiped yo‘laklari tarmog‘ini yaratish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ilk bor o‘tkazilgan uchrashuvda Transport departamenti raisi Anvar Jo‘rayev hamda veloinfratuzilmalarni rivojlantirishga mas’ul xodimlar, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Lyudmila Markelova, hokimiyat huzuridagi jamoatchilik kengashining sport bo‘yicha qo‘mitasi, Davlat sport qo‘mitasi jamoatchilik kengashi ekspertlari hamda YeXHTning Toshkentdagi idorasi vakili ishtirok etdi.

Uchrashuv ishtirokchilarining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, ko‘rib chiqilgan mavzular orasida velosportni rivojlantirish, velosportni targ‘ib qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish, velosheringni (velosiped ijarasi) joriy etish, aholi zich bo‘lgan joylarda velosipedlar uchun turargoh joylarini yaratish va boshqa masalalarda takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etish ham bor.

Anvar Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, departament veloinfratuzilmalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha, jumladan velohamjamiyatlar bilan qayta aloqa o‘rnatishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Poytaxtda velosipedda harakatlanishni targ‘ib qilish uchun turli tadbirlar, jumladan velopoygalar va vilofestivallar o‘tkazish belgilangan. Velokuzatuvchilar xavfsizligini ta’minlash va ularga qulaylik yaratish uchun zarurat tug‘ilgan taqdirda ko‘chalar yopilib, hududlar ajratilishi mumkin.

Jamoatchilik kengashi departamentga shahardagi mavjud veloyo‘laklar bo‘yicha taklif va e’tirozlarini bildirdi. Ular orasida jamoat transportini velosipedlarni tashish uchun moslamalar bilan ta’minlash hamda ertalabki va tungi tirbandlik vaqtlarda velosipedlarni tashishga ruxsat berish kabilar ham o‘rin oldi.

Veloinfratuzilmalarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish uchun YeXHT ko‘magida xorijiy mutaxassislarni taklif qilish masalasi ko‘rib chiqildi.