Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 15 noyabr kuni Avstraliyaning Brisben shahrida Livan terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Terma jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabi kecha tunda Toshkentdan yo‘lga chiqdi.Brisbenga avvalroq kelgan O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiylari bugun Livanga qarshi o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tadigan «Cbus Super Stadium» o‘yingohiga tashrif buyurdi va bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Stadion 27 000 nafar muxlisga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda «Gold coast United» futbol jamoasi uchrashuvlarni o‘tkazadi. Bundan tashqari, «Gold coast Titans» regbi jamoasi ham shu stadionda ishtirok etadi.

O‘yingohda 25 nafar futbolchiga mo‘ljallangan ikkita kiyim almashtirish xonasii, muzli basseyn, jakuzi mavjud. Shuningdek, murabbiy futbolchilar bilan nazariy o‘quv jarayonlarini o‘tkazish uchun alohida xona ham bor. Stadion chimi a’lo darajada, sifatli va chiroyli futbol namoyish qilish uchun tayyor.

Umid qilib qolamizki, milliy terma jamoa 15 noyabr kuni ushbu stadionda Livanga qarshi uchrashuvda mazmunli o‘yin ko‘rsatib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislarini xursand qilishadi.

Eslatish o‘rinli, uch nafar futbolchi jarohati tufayli Brisbendagi yig‘inda va Livan hamda Janubiy Koreyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnasha olmasligi ma’lum bo‘ldi. Bular — terma jamoamiz sardori, yaqinda «Shanxay SIPG» tarkibida Xitoy chempioniga aylangan Odil Ahmedov hamda «Paxtakor» futbolchilari Farrux Sayfiyev va Jasur Yaxshiboyev.