Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Babaxodjayev AQSHning Oracle kompaniyasi vitse-prezidenti Jovanna Sanjorjini boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuvda tomonlar ta’lim sohasida, jumladan, Oracle Academy dasturi doirasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalarini muhokama etdilar. Shuningdek axborot texnologiyalariga oid ta’lim dasturlarini yaratish va maktablarda joriy etish, hamda joylarda bolalarga axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim beruvchi trener va o‘qituvchilarni tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdilar.

«Vazirlikning yangi jamoasining asosiy maqsadlaridan biri farzandlarimizning kelajakda munosib ish topishlariga ko‘mak beradigan axborot texnologiyalari sohasida kerakli bilimlarni olish imkoniyatini yaratib berishdir», — dedi Sarvar Babaxodjayev.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar xalq ta’limi sohasida qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama etishda davomiy aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldilar.

Oracle Academy — Oracle kompaniya tomonidan o‘qituvchilarning o‘qish va ishlashiga tayyorgarlik ko‘rish uchun maktablarda, kollejlarda va universitetlarda talabalar uchun axborot texnologiyalarini uzluksiz o‘rganish uchun barcha zarur resurslarni taqdim etishga mo‘ljallangan ta’lim tashabbusi hisoblanadi.

Har yili Oracle Academy kurslarini 120 mamlakatdagi 3,5 million nafardan ortiq talabalar o‘rganadi. Eng mashhur akademik kurslardan Java Fundamentals, Java Foundations, Java Programming, Database Foundations, Database Design and Programming With SQL, Programming with PL/SQL, APEX — Application Development Foundations va shu kabilar bo‘yicha bepul ta’lim olish mumkin. Ularning ichiga ma’ruza va mustaqil o‘qish, amaliy mashg‘ulotlar, bilimlarni nazorat qilish, kurs loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish ham kiradi.