1−10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Jahonning 88 mamlakatidan 600 nafardan ortiq sportchi bellashgan ushbu chempionatda, O‘zbekiston sport delegatsiyasi 8 nafar erkak va 4 nafar ayol sportchi bilan ishtirok etdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu musobaqa sportning mazkur turi bo‘yicha Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlari uchun litsenziya taqdim etuvchi dastlabki turnir hisoblanadi.

Turkmanistonda o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Sportchilardan Akbar Jo‘rayev (-102 kg) oltin, Doston Yoqubov (-67 kg) kumush, Rustam Jangaboyev (+109 kg) ikkita bronza, Ruslan Nurutdinov (-109 kg) bronza medalni qo‘lga kiritdi.

12 noyabr kuni soat 07:00 da Toshkent Janubiy vokzalida jahon chempionatida ishtirok etib qaytgan sportchilar tantanali tarzda kutib olindi.