Malayziyaning Aquila Emas Sdn Bhd mediya kompaniyasi vakillari o‘zlarining O‘zbekistonga amalga oshirgan 10 kunlik tashrifi yakunlariga ko‘ra o‘zbekistonlik sheriklari bilan Hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzoladi, deya xabar berdi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Kinematografchilar delegatsiyasining mamlakatga tashrifini tashkillashtirgan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, filmlarni tasvirga olish ishlari 2019 yilning boshiga belgilangan.

Bo‘lib o‘tgan tashrif chog‘ida O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Milliy teleradiokompaniya, «O‘zbekfilm» kompaniyasi, boshqa tuzilmalar, shuningdek Xorazm va Buxoro viloyati hokimiyatlari, jumladan mazkur viloyatlarning yetakchi mahalliy telekanallari rahbariyatlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida birgalikda badiiy film tasvirga olish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Suratga olish ishlari Xorazm va Buxoro viloyatlarining cho‘l va tog‘ manzaralari, qadimiy shaharlari va me’morchilik obidalarida olib boriladi. Shuningdek, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi to‘g‘risida 6 seriyali turistik televizion dasturni yaratish ham rejalashtirilgan.

Badiiy film va turistik teleserial Malayziyaning yetakchi telekanallaridan biri TV2 da praym-taym vaqtida efirga uzatiladi. 10 mln kishidan ortiq auditoriyaga ega ushbu kanal nafaqat Malayziya, balki Singapur va Bruney hududida ham tomoshabinlariga ega.