O‘zbekistonda 890 mingdan ortiq bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga (MTM) qatnaydi. Ular 3−7 yoshdagi bolalarning 35,4 foizini tashkil etadi. Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini boshlagan bir yil ichida bu ko‘rsatkich qariyb 8 foizga o‘sdi (2017 yil sentyabrda 27,7 foiz bo‘lgan).

O‘tgan yil davomida MTMlar soni yangi qurilishlar, rekonstruksiya ishlari, nodavlat sektorning rivojlanishi va davlat-xususiy sherikchilik mexanizmining joriy etilishi hisobiga 5211 tadan 6607 taga ko‘paydi. Bu ma’lumotlar shanba kuni MTV rahbariyati o‘tkazgan matbuot anjumanida tilga olindi.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin prezidentning sentyabrdagi «Maktabgacha ta’lim boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori MTVga bolalar huquqlarini samarali himoya qilishga imkon berganini ta’kidlab o‘tdi.

Boshqaruv sohasidagi yangi tamoyil va mexanizmlar MTMlar moddiy-texnik bazasini yangilash, xodimlarni ishga bo‘lgan rag‘batini oshirish va boshqa muammolarni bartaraf etishga yordam beradi, deb hisoblaydi vazirlik rahbariyati.

MTMlarda isitish, elektr energiyasi va gaz

Qaror asosida 2019 yil martiga qadar UJKX vazirligi va boshqa mahkamalar tomonidan 2025 yilgacha MTMlarni ichimlik suvi, isitish tizimi, elektr energiyasi va gaz bilan ta’minlash bo‘yicha dastur amalga oshirilishi lozim.

Hozirda ayrim hududlarda faqatgina 10−20 foiz MTMlar barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlangan, deya qayd etdi MTV rahbariyati. Hududlardagi 60 foizga yaqin MTMlar markazlashgan isitish tizimlariga ulangan; isitish tizimlari uchun yetkazib berilayotgan ko‘mir sifati qoniqarsiz.

60 foizdan kamroq MTMlar markazlashgan suv ta’minotiga ulangan, 25 foizi tashib keltiriluvchi suvdan foydalanmoqda. Mazkur muammo ayniqsa Qashqadaryo, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkir bo‘lib qolmoqda. 20 foizdan kamroq MTMlar kanalizatsiya tizimiga ega.

Eskirgan moddiy-texnik bazani yangilash

Qaror bilan davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga dam olish kunlari va ish kuni tugagandan so‘ng o‘rnatilgan dasturlardan tashqari qo‘shimcha pulli xizmatlar (bolalarni parvarishlash, ularga qarash va ta’lim berish) ko‘rsatishga ruxsat berildi.

Pulli xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan 90 foiz mablag‘lar moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda xodimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

MTV bosh boshqarmasi boshlig‘i Yelena Ten MTMlar videokuzatuv kameralari bilan ta’minlanadimi, degan savolga javob berar ekan, ko‘plab muassasalarda ushbu uskunalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Pulli xizmatlardan tushgan pullar hisobiga mazkur jarayon tezlashtiriladi. Biroq bu yerda avval bolalar huquqlariga zarar yetkazmagan holda ota-onalarga videokameralar ma’lumotlarini taqdim etish masalasini hal etish lozim bo‘ladi.

Mavjud MTMlar bandligini kamaytirish

Qurilish vazirligi va hokimiyatlar qishloq joylarida bir qancha ko‘p qavatli turar joylar yoki uylar guruhidan iborat yangi majmualarni loyihalashtirish normativlari va tartiblarini ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlari yoki alohida binolarda majburiy tartibda MTMlar bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bunday majmualardagi MTMlar kamida 50 o‘rindan iborat bo‘lishi lozim. Bu maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasini oshiradi.

AKTni joriy etish

2019 yil 1 yanvardan boshlab MTMga qabul uchun ariza topshirishda hamda ularda ta’lim olayotgan bolalarga jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami joriy etiladi. Natijada ota-onalar hukumat elektron axborot tizimlari orqali bolaning rivojlanishi, ta’limi va salomatligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.

Vazirlik tuzilmasida tashkil etilayotgan Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi MTM uchun multimediya mobil ilovasini ishlab chiqadi.

Pudratchilarning sifatsiz ishlaridan voz kechish

So‘nggi yillarda mamlakat bo‘yicha ayrim ob’ektlarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari sifatsiz amalga oshirilgan, me’yor va talablarga amal qilinmagan. Natijada ob’ektlarda yoriqlar, pol qoplamalarining notekisligi, hojatxonalar bolalarning yoshga oid o‘ziga xosliklarini hisobga olmaslik, o‘t o‘chirish kranlarining yo‘qligi, elektrotexnik ishlarning sifatsiz amalga oshirilishi va boshqalar kuzatilgan.

Qaror asosida tashkil etilgan MTV huzuridagi infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi pudratchilarni tanlash, amalga oshiriluvchi ishlarning sifatli amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish bilan shug‘ullanib, MTMlarni vijdonsiz pudratchilardan himoya qiladi.

Yangi namunadagi bolalar bog‘chalari ixtisoslashgan loyiha-qidiruv instituti tomonidan loyihalashtiriladi.

MTMlarni boshqarishda ota-onalarni jalb qilish

Qaror bilan davlat MTMlari vasiylik kengashlari tugatilib, MTM kuzatuv kengashlari tashkil etiladi.

Kuzatuv kengashlari a’zolari saylanadi, ular MTMdagi har bir guruhdan ikki nafardan ota-onalar hamda tuman MT bo‘limi vakillari kiritiladi. Kengash MTV hududiy bo‘linmalari tomonidan tavsiya qilingan nomzodlardan birini MTM rahbari sifatida saylash huquqiga ega bo‘ladi.

Kuzatuv kengashlari MTM tomonidan amalga oshirilgan xaridlarga hamda ta’limiy va tarbiyaviy jarayonlarga tegishli faoliyatga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.