Prezidentning 2018 yil 7 noyabrdagi qarori bilan respublika hududida xorijiy malakali mutaxassislarning mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Birinchidan, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab:

a) ish beruvchilar uchun yuqori malakali va malakali chet ellik mutaxassislarga (quyiga qarang) nisbatan xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnomalarni olish (uzaytirish) zaruriyati haqidagi talab bekor qilinadi. Bunday xodimlar mamlakatimizda ishlashlari uchun mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomaga ega bo‘lishlarining o‘zi kifoya. O‘rindoshlik asosida esa tasdiqnoma olmasdan ham ishlashlariga ruxsat etilgan.

Hozir chet ellik fuqaro faqat yuqorida tilga olingan hujjatlar: ish beruvchi tomonidan olinadigan xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnoma va mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma (xodim tomonidan olinadi) mavjud bo‘lganda O‘zbekistonda ishlashi mumkin. Tasdiqnomani berish tartibi — bu yerda.

b) yuqori malakali va malakali chet ellik mutaxassislar tasdiqnomalarni rasmiylashtirish va berish (uzaytirish) uchun amaldagi 10 EKIH o‘rniga pasaytirilgan tariflarda — tegishincha, 1 EKIH va 2 EKIH to‘laydilar.

2019 yil 1 yanvardan boshlab esa yuqori malakali mutaxassislardan JSHDS belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.

v) yuqorida ko‘rsatilgan chet ellik mutaxassislarga berilgan tasdiqnomalarning amal qilish muddati ularning istagiga ko‘ra berilgan kundan boshlab 3 yilgacha bo‘lgan muddatni tashkil qiladi. Keyinchalik uni cheksiz miqdorda, biroq har bir holatda 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatgacha uzaytirish imkoniyati beriladi.

Umumiy qoidaga ko‘ra ish beruvchiga 1 yil muddatga bir marta uzaytirish huquqi bilan beriladigan xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnoma asosida chet ellik xodimlarga tasdiqnoma beriladi.

Qabul qilingan hujjat doirasida quyidagi toifadagi mutaxassislar yuqori malakali va malakali mutaxassislar deb tan olinadi:


Yuqori malakali mutaxassislar

Malakali mutaxassislar

Quyidagi chet el fuqarolari:

  • ro‘yxati OO‘MTV hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallaydigan oliy ta’lim muassasalarini bitirgan;
  • e’tirof etilgan mutaxassislik yoki diplomdagi mutaxassislik bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lgan;
  • respublikada mehnat faoliyatiga jalb qilish shartlari yiliga 60 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan summada ish haqi (mukofot) olishni nazarda tutuvchi

Quyidagi chet el fuqarolari:

  • oliy ma’lumotga ega bo‘lgan;
  • e’tirof etilgan mutaxassislik yoki diplomdagi mutaxassislik bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lgan;
  • respublikada mehnat faoliyatiga jalb qilish shartlari yiliga 30 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan summada ish haqi (mukofot) olishni nazarda tutuvchi



g) 8 500 EKIHdan kam bo‘lmagan miqdorda jamiyatlarning aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek xorijiy korxona tashkil etish shaklida respublikaga investitsiya kiritgan chet el fuqarolari hech qanday ruxsat beruvchi tartib-taomillarni o‘tmagan holda mazkur tashkilotning istalgan lavozimida ishlash huquqiga ega.

Ikkinchidan, yuqori malakali mutaxassislarga va ularning oila a’zolariga xohishiga ko‘ra mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi (bundan keyin — shartnomalar) amal qiladigan muddatga yashash guvohnomasi rasmiylashtiriladi.

Uchinchidan, yuqori malakali va malakali mutaxassislarga ko‘p marotabali mehnat vizasi shartnomalar amal qiladigan, biroq 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi. Keyinchalik amal qilish muddati mamlakatdan tashqariga chiqish zaruriyatisiz, shartnomalar amal qiladigan, biroq har bir holatda 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.

To‘rtinchidan, endi OO‘MTV tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning reytingida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan oliy ta’lim muassasalarining diplomlarini nostrifikatsiyalash to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladi.

Beshinchidan, 3 oy muddatda bir necha xalqaro tillarda (ingliz, nemis, arab, xitoy, rus va b.) ishlaydigan maxsus axborot portali amaliyotga joriy etiladi. U kirish va chiqish tartib-taomillari, viza, yashash guvohnomasi olish, ro‘yxatga turish, propiska qilinish tartibi, soliq solish mexanizmlari va mehnat munosabatlari xususiyatlari, chet el fuqarolari uchun imtiyoz va preferensiyalar bo‘yicha batafsil axborotni nazarda tutuvchi hamda ish va uy-joy izlash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.