Taniqli tele va radio boshlovchi, so‘nggi yillarda BMTning O‘zbekistondagi Axborot ofisi rahbari Bobur Komilov uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etdi.

BMTning Toshkentdagi tizimlari xodimlari ma’lumotlariga ko‘ra, 34 yoshli Bobur Komilov Istambulda davolanishda bo‘lgan. U Surxondaryo viloyatiga dafn etiladi.

Bobur Komilov «Yoshlar» telekanalidagi «Davr» yangiliklar dasturi, Uzbekistan Today gazetasida faoliyat ko‘rsatgan, radiodasturlar muallifi edi. Londondagi Siti universiteti magistraturasini (xalqaro jurnalistika) tamomlagan.

Ko‘p sonli hamkasblari va do‘stlari uni hayotni sevuvchi, ochiq va o‘z ishiga professional yondashuvchi inson sifatida xotirlaydi.