Payshanba kuni Toshkent hokimiyatida shahar hokimiyati huzuridagi Jamoatchilik kengashi tashabbuskor guruhi tomonidan taqdim etilib, hokimiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Toshkent-2025: transformatsiya» loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Loyiha oltita asosiy yo‘nalish: ma’muriy reforma, iqtisodiy strategik rivojlanish, shaharni rejalashtirish, uy-kommunal xo‘jaligi, ijtimoiy soha, inklyuziv rivojlanish va ekologiyani o‘z ichiga oladi. Kelgusida ular yanada takomillashtiriladi.

Loyiha tashabbuskorlari Toshkent 2025 yilgacha investitsiya va turizm uchun jozibador, tarixiy va madaniy yodgorliklarni saqlab qolgan, shaharliklar va atrof-muhit haqida g‘amxo‘r shaharga aylanishiga ishonch bildirmoqda.

«Mazkur loyiha eng avvalo shaharliklar uchun ishga tushirilmoqda, — dedi Toshkent hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayev. — Bu poytaxtni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini yaratishdagi birinchi faza». Rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalar hamda ularni amalga oshirishni baholashning shaffof indikatorlarisiz yaxshi natijalarga erishib bo‘lmaydi, deya ta’kidladi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev. Foto: Spot.uz.

Loyiha strategiyasini tayyorlash uchun mahalliy va xalqaro ekspertlardan iborat jamoa shakllantiriladi. Loyiha homiylik mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobiga Urbanistika markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Olti yo‘nalish bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganiladi, aholi bilan muloqot o‘rnatiladi hamda loyihani amalga oshirishga shahar xizmatlari va fuqarolar jalb etiladi, deya xabar berdi loyiha koordinatori Valentina Prokofeva. U uchrashuv ishtirokchilarini loyihani amalga oshirish muddatlari bilan tanishtirdi: noyabrda jamoa va sheriklar guruhi shakllantirilib, maqsadlar aniqlashtiriladi; dekabr-2019 yil sentyabrida — ma’lumotlar to‘planadi, yo‘l xaritasi shakllantiriladi, yo‘nalishlar bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqiladi; 2019 yil oktyabrigacha — shaharni 2025 yilgacha rivojlantirishning yagona strategiyasi ishlab chiqiladi va uni joriy etish bo‘yicha konsultatsiyalar o‘tkaziladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi direktori Yuliy Yusupov birinchi yo‘nalish — ma’muriy islohotlar ahamiyati haqida shunday dedi: «Mahalliy hokimiyat organlari shunchaki markaziy hokimiyat organlari qarorlarini uzatuvchi mexanizm hisoblanadi. Ular mustaqil siyosat yurita olmaydi, buning uchun hech qanday imkoniyat, rag‘bat, resurs va vakolatlarga ega emas».

U Toshkent ma’muriy islohotlar lokomotivi bo‘lishi, mahalliy hokimiyat organlari o‘z hududlarini rivojlantirish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega bo‘lishiga umid bildirdi.

Hokimiyat huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi Aziza Umarov loyiha strategiyasi shaharni rivojlantirishda birinchi integratsiyalashgan hujjat bo‘lishi, unda rivojlanishning barcha asosiy sohalari: transport va turar joylar qurilishi, ijtimoiy ob’ektlarni rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit va boshqalar o‘zaro bog‘langan.

Loyiha tashabbuskorlari tomonidan 20 ta ochiq muhokamalar va seminarlar tashkil etilishi, ularda Jamoatchilik kengashi ekspertlari va xohlovchilar uni amalga oshirishni muhokama qilishlari kutilmoqda.