Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha Gran-pri turniri o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirdi. Bugun musobaqa doirasida erkaklar o‘rtasida -73 kg, -81 kg, ayollar o‘rtasida esa -63 kg va -70 kg vazn toifalarida bahslar o‘tkazildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

-73 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Hikmatullo To‘rayev turnir davomida Ruminiya, Shvetsiya, Fransiya, BAA vakillarini mag‘lubiyatga uchratdi va finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi jangda u germaniyalik Igor Vandtkega qarshi tatamiga chiqdi va qiyin kechgan bahsda g‘alaba qozona oldi. Shu tariqa, Hikmatullo ushbu Gran-prida terma jamoa hisobida dastlabki oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, kecha musobaqada -60 kg vazn toifasida Diyorbek O‘rozboyev (kumush), -66 kg vaznli sportchilar o‘rtasidagi bahslarda esa Sardor Nurillayev (kumush) va Shahram Ahadov (bronza) sovrindorlar qatoridan o‘rin olgandi.