8 noyarb kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov AQSH mudofaa vaziriningJanubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisiningo‘rinbosari Kolin Jekson boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kolin Jeksonga AQSHning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Alan Melser ham hamrohlik qildi.

AQSH qurolli kuchlari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifidan maqsad — ikki mamlakat mudofaa idoralari o‘rtasida xalqaro harbiy hamkorlikning hozirgi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

O‘zbekiston tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalar borasida O‘zbekiston-Amerika mudofaa idoralari o‘rtasidagi kelishuvlarga alohida e’tibor qaratmoqda.

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish bo‘yicha fikrlar almashildi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston mintaqaning barqarorligi va rivojlanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘oniston davlatida tinchlik va xavfsizlik yo‘lidagi barcha harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

2018 yilning mart oyida Toshkent shahrida Afg‘oniston masalalari bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» xalqaro anjumanining o‘tkazilgani, shuningdek, uning yakunida «Toshkent deklaratsiyasi» qabul qilinganining o‘zi O‘zbekiston terrorizmning boshqa mamlakatlarda tarqalmasligi tarafdori ekanligini ko‘rsatadi.

«AQSH — biz uchun ishonchli, uzoq yillar davomida sinalgan hamkor bo‘lib, o‘rtamizdagi do‘stlik va o‘zaro munosabatlar doimiy ravishda oldinga qarab siljimoqda. Dunyodagi qudratli jangovar imkoniyatga ega mamlakat bilan mustahkam aloqa o‘rnatish, shubhasiz, bizning armiyamiz jangovar shayligini oshirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — dedi uchrashuv davomida Abdusalom Azizov.

Bugungi kunda o‘zaro kelishilgan yillik rejalarga ko‘ra, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha tajriba almashish uchun ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston mudofaa vaziri bilan uchrashuvdan so‘ng AQSH delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘ldi.

Mehmonlar akademiya binosida joylashgan AQSH mudofaa sohasiga oid mavzuviy mashg‘ulot xonasi bilan ham tanishib, kursantlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Aytish joizki, O‘zbekiston prezidentining 2018 yil may oyida AQSHga uyushtirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi cho‘qqiga olib chiqib, mamlakatlarimiz o‘rtasida yangi strategik hamkorlik davrini boshlab berdi.

Mazkur tashrif davomida Oq uy, Davlat departamenti va Pentagon rasmiylari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida tomonlar mudofaa sohasida amaliy hamkorlik yo‘nalishini aniq belgilab olishlariga keng imkon yaratildi.