Toshkent IIBB xodimlari 23 oktyabrdan 7 noyabrgacha «lirika» va tramadolni noqonuniy tayyorlash, saqlash va sotishda gumon qilingan 46 kishi qo‘lga olindi, deya xabar qildi mahkama matbuot xizmati.

2 noyabr kuni Uchtepa tumanida qo‘lga olingan Hayotullo A.dan 16 qadoqdagi tramadol olib qo‘yildi. Yashnobod tumanida 6 noyabr kuni Jamshid L. Boshqargan avtomobilda erkin savdoga chiqarilishi taqiqlangan 6 qadoqdagi tibbiy preparat aniqlandi. 7 noyabr kuni Shayxontohur tumanida qo‘lga olingan Ulug‘bek A.dan esa 120 dona tramadol tabletkasi olib qo‘yildi.

Oktyabr oxiri-noyabr boshida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida jami bo‘lib 3023 qadoq tramadol va 215 qadoq «lirika» olib qo‘yildi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi («Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish») bo‘yicha 6 ta va 276-moddasi bo‘yicha («Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar») 16 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi.