AQSHning Kaliforniya shtati shimolida kuzatilayotgan o‘rmon yong‘inlari Paradays shahrini butkul yo‘q qildi. Bu haqda RIA Novosti Sacramento Bee nashriga tayanib xabar qildi.

Yong‘in payshanba kuni ertalab boshlandi va so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 20 ming akrga (sakkiz ming gektardan ko‘proq) maydonni egalladi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, minglab uylar yonib ketgan.

«Butun shahar olov ichida qoldi. Bu daxshatli ko‘rinadi», — dedi Paradaysdan o‘z oilasi bilan evakuatsiya qilinayotgan shahar kengashi a’zosi Skott Lotter.

Avvalroq hukumat shahar aholisining barchasini — 27 ming kishini evakuatsiya qilish to‘g‘risida e’lon qilgan edi. Yo‘llardagi tirbandliklar sababli ko‘pchilik aholi Paradaysni piyoda tark etishga harakat qilmoqda, deb yozadi Paradise Post. Yo‘llarda avtomobillar ichida qolgan ayrim homilador ayollarda to‘lg‘oq boshlangan. Eng kamida ikki kishi kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Hududdan shu vaqtgacha 50 ming nafarga yaqin kishi evakuatsiya qilindi.