O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi mamlakatdagi mehmonxonalar, hostellar va mehmon uylarida qisqa vaqt ichida nonushtaning milliy ko‘rinishi joriy etilishi haqidagi tashabbus bilan chiqdi. Bu haqda Mahalladosh saytida xabar berildi.

Qaymoq, obi non, somsa, mavsumiy mevalar va sabzavotlar, choy, novvot, yong‘oqlar, quruq mevalar va milliy shirinliklar — bularning barchasini «o‘zbekona nonushta» standartiga kiritib, turklar, inglizlar yoki fransuzlardagi kabi haqiqiy brendga aylantirish rejalashtirilyapti.

Hozircha bu muhokamalar bosqichida turibdi. O‘zbekistondagi yirik mehmonxonalarda «o‘zbekona nonushta» yagonaligicha qolmaydi. Yaqin kunlar ichida mahalliy mehmonxonalarda nafaqat mashhur inglizcha va fransuzcha, balki aytaylik, koreyscha, ispancha yoki hindcha nonushtalar ham paydo bo‘ladi. Mahalliy oshpazlar esa boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblariga «o‘zbekona nonushta» sirlarini ochishadi.

Mutasaddilar yirik mehmonxonalarda «o‘zbekona nonushta"ning joriy etilishi byudjetni tejash imkonini berishini ham ta’kidlashmoqda. Zero, milliy nonushta uncha qimmat bo‘lmasa-da, yetarli darajada xushta’m va to‘yimlidir. Ayni paytda milliy standartni yulduzlari sonidan qat’i nazar mehmonxonalar, hostellar va mehmon uylariga tatbiq etish mo‘ljallanyapti.