Hukumat va jamoatchilik tashkilotlari vakillari mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini baholash yakunlarini ko‘rib chiqdi, deya xabar qildi YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

9 noyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, YUNISEF, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan «O‘zbekiston ijtimoiy himoya tizimi baholari» mavzusida seminar tashkil etildi.

2018 yilda o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari umummilliy so‘rovi natijalari kam daromadli oilalarning 75 foizi ijtimoiy nafaqa olmasligini ko‘rsatdi. Oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning kam daromadli maqomdan chiqarish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy faoliyat hukumat vazifasi sifatida belgilanmagan. O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimi uzuq-yuluqligicha qolmoqda. Bu esa ijtimoiy sohalarga kiritilayotgan investitsiyalarning besamarligi hamda ijtimoiy xizmatlar sifatining past bo‘lib qolishiga olib kelmoqda, deb hisoblamoqda YUNISEF.

Seminar ishtirokchilari fikricha, milliy ijtimoiy himoya strategiyasi va ijtimoiy himoya sektoriga mas’ul yagona organ tashkil etish orqali mazkur sektorni rivojlantirish, turli ijtimoiy dasturlar o‘rtasidagi muvofiqlikni kuchaytirish va aholining zaif qatlamlari uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanishni qulaylashtirish mumkin.

O‘zbekistonda YAIMning 10 foizga yaqini ijtimoiy ta’minot va to‘lovlar uchun ajratilishi, YUNISEFbahosiga ko‘ra, xalqaro amaliyot bilan taqqoslanganda yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Davlat byudjetining 60 foizga yaqini ijtimoiy xarajatlarga yo‘naltirilgan. Biroq ijtimoiy himoya tizimiga yo‘naltirilgan investitsiyalar samaradorligini yanada oshirish lozim.