Joriy yilning 10 oyi davomida Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan aniqlangan 6370 ta qonun buzilishi holati hokimliklarga to‘g‘ri keladi, deya xabar qildi O‘zA.

Shundan, 2882 ta holatda arizalarni ko‘rib chiqish muddati buzilgan, 741 tasi bo‘yicha ortiqcha hujjatlar talab qilingan, 28 ta xizmatlar markazlar orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan. 24 ta arizalarga asossiz rad javobi berilgan hamda 2 695 ta boshqa qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan.

Mazkur sohada aniqlangan qonun buzishlarning 3393 tasi dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya berish xizmatiga, 1988 tasi umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlarni sotish va 285 tasi alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish uchun ruxsat guvohnomasi berishga, 463 tasi turar-joyni noturar joy toifasiga o‘tkazishga ruxsatnoma berishga to‘g‘ri kelmoqda.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomalar, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohnomalar kiritilgan. Aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy ish hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Natijada, 144 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, shundan, 20 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 117 nafar shaxs davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzganliklari uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Masalan, Taxiatosh tumanida yashovchi A.Ye turar-joyni noturar joy toifasiga o‘tkazishga ruxsat berish haqidagi murojaati tuman hokimligi tomonidan belgilangan muddat va tartibda ko‘rib chiqilmaganligi natijasida tuman hokimi o‘rinbosari O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2155-moddasi 1-qismi bilan eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorida jarimaga tortildi.