Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 10-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sharofiddin Bobomurodov «Tibet barbarasi», «Xitoy derazasi» kabi nomlar bilan ma’lum bo‘lgan «Godji» mevali o‘simligini o‘z tomorqasida yetishtirishga erishdi. Bu haqda O‘zA Yoshlar ittifoqi axborot xizmatiga tayanib xabar qildi.

«Tomorqamizda 3 sotixli issiqxona bor. Unda limon, papaya, mandarin kabi mevalarni yetishtiraman, — deydi Sh. Bobomurodov. — Darsdan bo‘sh vaqtlarim asosan shu issiqxonada o‘tadi. Anchadan beri «Godji» mevali o‘simligini O‘zbekistonda yetishtirishga qiziqib kelardim. Ushbu mevani tomorqamda yetishtirish uchun internet tarmog‘i orqali buyurtma berib, ikki oy deganda qabul qildim. Hozirgi kunga kelib, meva ko‘paygan. Uning niholi va quritilgan mevasini bozorga sotish uchun tayyor qilib qo‘ydim. Bu oilam daromadiga ham yana qo‘shimcha foyda bo‘ldi.

«Godji» mevali o‘simligi tarkibida saraton kasalligining oldini oluvchi mineral modda mavjud bo‘lib, u tabiatda juda kamyob hisoblanadi. O‘simlik iqlim sharoiti tufayli Xitoyning Tibetida o‘sadi.