Toshkentda dzyudo bo‘yicha nufuzli Gran-pri musobaqasi start oldi. Bugun o‘tkazilgan bahslarda uch nafar o‘zbekistonlik sportchi sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

-60 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Diyorbek O‘rozboyev turnir davomida Eron, Germaniya va Mo‘g‘uliston vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda u boshqa bir mo‘g‘ulistonlik sportchi Boldbaatar Ganbatga qarshi bahs olib bordi va imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa, Diyorbek Toshkent Gran-prisining kumush medali bilan kifoyalandi. Qayd etish lozimki, ushbu nufuzli musobaqaga ayni paytda Toshkentda bo‘lib turgan Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti G‘ofur Rahimov ham tashrif buyurdi va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

Shuningdek, -66 kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Sardor Nurillayev finalga qadar Qirg‘iziston, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon vakillaridan ustun keldi va hal qiluvchi bahsga yetib bordi. Oltin medal uchun kechgan bahsda u sloveniyalik Adrian Kombokka qarshi tatamiga chiqib, mag‘lubiyatga uchradi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Ushbu vaznda bahslarda ishtirok etgan boshqa bir sportchi Shahram Ahadov Isroil, Serbiya vakillarini mag‘lubiyatga uchratdi. Chorak finalda esa ozarbayjonlik raqibga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bronza medali uchun bahslarda u Mo‘g‘uliston va Rossiya terma jamoasi vakillaridan ustun kelib, Toshkent Gran-prisi sovrindoriga aylandi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik dzyudochilar musobaqaning birinchi kunida 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Ertaga Toshkent Gran-prisida erkaklar o‘rtasida -73 kg, -81 kg, ayollar o‘rtasida esa -63 kg va -70 kg vazn toifalarida bahslar o‘tkaziladi.