Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari oyliklari 1 dekabrdan 1,2 baravar, 2019 yil 1 apreldan 1,15 baravar oshiriladi. Bu O‘zbekiston prezidentining 7 noyabrdagi davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risidi qarorida o‘z aksini topdi.

Qarorda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xalqaro tajribani o‘rganish asosida 2019 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha quyidagilarga yo‘naltirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi:

  • davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning murakkablik va javobgarlik darajasi, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish;
  • tibbiyot xodimlari faoliyatini va mehnati unumdorligini baholashning zamonaviy usullarini, shu jumladan, davolangan bemorlar elektron statistikasini bosqichma-bosqich tatbiq etish va bemorlar o‘rtasida onlayn so‘rovlar o‘tkazish orqali joriy etish;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ular bajaradigan ishlar sifati, erishiladigan natijalar va ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarga jamoatchilik tomonidan berilgan baholarga qarab ularga haq to‘lanishini ta’minlash;
  • tibbiyot muassasalari rahbarlariga alohida o‘rnak ko‘rsatgan vrachlarga Tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqini berish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Mazkur jamg‘arma:

  • sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini mukofotlar, moddiy yordam, qo‘shimcha haqlar, ustamalar va rag‘batlantiruvchi to‘lovlarning boshqa turlari ko‘rinishida moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini moliyalashtirish, shuningdek, ularga sanatoriya-kurort va tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga haq to‘lash;
  • uy-joy bilan ta’minlashni yaxshilashga sarflanadigan xarajatlarni, shu jumladan, sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarning tibbiyot xodimlari uchun uy-joylar qurishni tashkil etish orqali moliyalashtirish;
  • sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini o‘qitish, ularning malakasini oshirish va amaliyot o‘tkazishini, shu jumladan, ularning xorijiy mamlakatlarga tashriflari, O‘zbekiston hududidan tashqarida o‘tkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
  • oliy tibbiyot ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalariga maxsus stipendiyalar to‘lashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish va boshqa choralarni amalga oshiradi.