O‘zbekistonda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining 57 foizi neonatal davr -hayotining ilk 27 kunida sodir bo‘lmoqda. Uch asosiy sabab — barvaqt tug‘ruq, asfiksiya va infeksiyalar. Bu ma’lumotlar go‘daklar o‘limini kamaytirish va ularni parvarish qilish sifatini oshirish bo‘yicha Milliy konsultativ yig‘ilishda e’lon qilindi, deya xabar berdi YUNISEFning mamlakatdagi vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, hukumat va nodavlat tashkilotlar vakillari, xalqaro ekspertlar va sog‘liq saqlash mutaxassislari ishtirok etdi.

«Biz O‘zbekiston hukumatining bolalar hayotini saqlab qolish bo‘yicha xatti-harakatlarini yuqori baholaymiz. Afsuski, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limi ko‘rsatkichlari hamon yuqoriligicha qolmoqda. Buni qabul qilib bo‘lmaydi, chunki yangi tug‘ilgan bolalarning aksariyatini qutqarib qolish mumkin edi, — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. — Viloyatlarda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va onalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish sohasidagi xizmatlarni takomillashtirish mamlakat rivoji uchun ham muhim».

Onalar, chaqaloqlar va bolalar o‘limiga barham berishga sarflangan har bir dollar, YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘p karralik foyda keltiradi. Bolalar salomatligi uchun sarmoya kiritish qashshoqlik darajasini pasaytirib, iqtisodiy samaradorlik va o‘sishni rag‘batlantiradi.