O‘zbekiston prezidentining Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagiga qaroriga muvfiq, saylovlarni o‘tkazishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, saylov komissiyalari faoliyatida jamoatchilik ishtirokini keng ta’minlash belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Qarorga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi a’zolari daxlsizlik maqomi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga tenglashtirildi.

Markaziy saflov komissiyasi tarkibida Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etildi. Markaz saylov komissiyasi a’zolarini o‘qitish va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi.

Shuningdek, qaror bilan Saylov qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Saylov kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, muhokama natijalariga ko‘ra loyiha matnini takomillashtirish va Saylov kodeksini qabul qilish (muddat 2018 yil noyabr-dekabr), shuningdek boshqa qonun hujjatlari va Markaziy saylov komissiyasi hujjatlarini Saylov kodeksiga muvofiqlashtirish rejalashtirilgan.