Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yashovchi Q. Q. o‘zining o‘g‘li A. O.ga yashirincha shar’iy nikoh o‘qigani uchun jazoga tortildi, deya xabar qildi «Xalq so‘zi Online».

Ma’lum bo‘lishicha, A. O. muqaddam uylangan va bir nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlari kelishmaganligi sababli o‘zaro ajrashgan, biroq bu holat rasman qayd etilmagan. Shunday bo‘lishiga qaramay ota o‘z o‘g‘lini uylantirish payida bo‘lgan. Mutasaddi idoralar, jumladan, masjid vakillari bu holatda shar’iy nikoh o‘qish mumkin emasligini aytibgina qolmasdan, uning salbiy oqibatlari haqida ham tushuntirish berganlaridan so‘ng, Q. Q. o‘zi nikoh o‘qishga qaror qiladi.

Amaldagi tartiblarga binoan shar’iy nikoh o‘qish diniy ma’lumotga ega bo‘lgan vakolatli shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buning uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limining ruxsati kerak bo‘ladi. O‘zbekiston Oila kodeksining 13-moddasiga muvofiq nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi, deyiladi xabarda.

O‘z o‘g‘liga yashirincha nikoh o‘qigan ota — Q. Q.ga nisbatan ham Paxtaobod tuman ma’muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha jazoga tortildi.