Toshkentda pilot loyiha ishga tushirildi — bola tug‘ilganligi to‘g‘risida guvohnomalar Davlat xizmatlari markazlarida «yagona darcha» prinsipi bo‘yicha beriladi. Bu haqda Norma.uz «Narodnoye slovo online»ga tayanib xabar qildi. 2019 yildan boshlab ushbu amaliyotni butun respublika bo‘ylab joriy etish rejalashtirilmoqda.

Ota-onalar hujjatni olish uchun yashash joyidagi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilsalar bas. Ilgari buning uchun bola tug‘ilganligi dalili yuzasidan ma’lumotnoma olish uchun tug‘ruqxonada, FHDYO organlarida va gerb yig‘imini to‘lash uchun bankda navbat kutishga to‘g‘ri kelar edi.

Barcha zarur axborotlar tug‘ruqxonadan DXMga maxsus axborot tizimi orqali yuboriladi. Click, PayMe va boshqa to‘lov tizimlari orqali gerb yig‘imini to‘lash imkonini beruvchi onlayn-to‘lovni 2019 yil 1 yanvargacha joriy etish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun: gkrb yig‘imi miqdori — EKIHning 15%i, material e’lon qilingan sanada 30 409,50 so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, poytaxtdagi Davlat xizmatlari markazlarida tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar blankalarini kompyuter yordamida to‘ldirish tartibi joriy etilmoqda. Axborot blankada bosib chiqarilgunga qadar ota-onada ism to‘g‘ri yozilganligini tekshirish imkoni bo‘ladi. Bunday imkoniyat berilmaganligi sababli ham ba’zan bolaning ismi, otasining ismi va familiyasi xato yozilar, oqibatda u ana shu ism bilan bir umr yashashga yoki belgilangan tartibda uni o‘zgartirishga majbur bo‘lar edi.

Shuningdek keyingi yilda tug‘ish yoshidagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikni kuzatish avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. U «FHDYOning yagona elektron arxivi» tizimi bilan birgalikda ishlaydi. Natijada bolalar tug‘ilganligi dalillarini qayd etmaslik holatlariga barham berish ko‘zlanmoqda.