QHTBT portalida MJTKga, «Reklama to‘g‘risida», «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida» va «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlarga kiritiladigan tuzatishlarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasi muhokama qilinmoqda, deya xabar qildi Norma.uz.

Oktyabr oyida «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonun kuchga kirgan edi. Biroq ayni paytda mazkur cheklovni buzganlik uchun javobgarlik alohida qayd etilmagan. Qonun loyihasida ushbu kamchilik bartaraf etildi:

a) taqiqlangan joyda chilim va «ye-sigaretalar» chekkanlik uchun EKIHning 1/3 qismi (material e’lon qilingan sanada — 67 577 so‘m) miqdorida jarima solinadi. Bugungi kunda tamaki mahsulotini iste’mol qilganlik uchun xuddi shunday jarima belgilangan (MJTKning 561-moddasi);

b) chilim va elektron sigaretalar chekish uchun jamoat joylarida joylashgan xonalarni yoxud chilim hamda veyplarning o‘zini foydalanishga berganlik uchun alohida modda nazarda tutilmoqda. Buning uchun ancha yuqori miqdorda: fuqarolarga 5 EKIHdan 10 EKIHgacha (1 013 650 so‘m — 2 027 300 so‘m), mansabdor shaxslarga 10 EKIHdan 15 EKIHgacha (2 027 300 so‘m — 3 040 950 so‘m) jarima solish taklif etilgan.

Bundan tashqari, qonunda chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama hamda targ‘ib qilishga yo‘l qo‘ymaslik nazarda tutilgan. Shu sababli «Reklama to‘g‘risida"gi Qonunga kiritiladigan tegishli tuzatishlar tayyorlangan. Unga ko‘ra quyidagilar taqiqlanadi:

  • bunday mahsulot namunalarini bepul tarqatish;
  • ularning nomi, tovar belgisi yoki tasviri namoyish etiladigan tadbirlarga homiylik qilish;
  • shunday nomlar va tovar belgilaridan foydalanilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlari, o‘yinlar va h.k.) tarqatish, shu jumladan sotish;
  • savdo ob’ektlarining fasadi, kirish (mashinada kirish) joyi, peshtaxtalari, ko‘tariladigan predmetlari va boshqa joylarida ularning tasvirlari, nomlari va ular haqidagi boshqa axborotni o‘rnatish.

Chilim va elektron sigaretalar qonunga xilof ravishda ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishiga qarshi kurash olib boriladi («Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi Qonunga qarang). Bolalarda chilim yoki veyp chekish xohishini uyg‘ota oladigan axborot ular uchun taqiqlangan bo‘lib, «18+» belgisi bilan markalanishi kerak.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.