Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishda o‘zaro tajriba almashish, sport meditsinasi va soha mutaxassislarini tayyorlash kabi yo‘nalishlardagi aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev prezident tomonidan O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ushbu yo‘nalishda Xitoy tajribasi o‘rganish bo‘yicha qat’iy vazifalar berilgani ta’kidlab, O‘zbekistonda sportni ommalashtirishning Milliy konsepsiyasi ishlab chiqishda Xitoy tajribasidan foydalanish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Tomonlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida Sport meditsinasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish, Pekin sport universiteti bilan qo‘shma fakultetlar ochish, yengil atletika, suv sporti va qishki sport turlaridan sportchilarni tayyorlash hamda ikki davlatning sport sohasi bo‘yicha boshqaruv organlari delegatsiyalari tashriflarini tashkil etish kabi masalalar bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib olishdi.