«Toshshahartransxizmat» AJ faoliyatida so‘nggi paytlarda bir qator ijobiy natijalar, xususan, GPS tizimi faoliyatini yaxshilanganligi, ikki tomonlama aloqaning qayta tiklanganligi, «Ma’muriyat nazorati"ning yo‘lga qo‘yilgani ko‘zga tashlanib ulgurdi. Biroq, shunga qaramay hali poytaxt transporti tizimini yanada yaxshilash va xizmat sifatini ko‘tarish borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar uchrab turibdi.

«Toshshahartransxizmat» AJ faoliyatining joriy yil o‘n oylik yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda tizimdagi shu kabi muammo va kamchiliklar tanqidiy-tahlil qilindi. Xususan, Jamiyat va uning tarkibidagi avtosaroylar mutasaddilari ishtirok etgan yig‘ilishda texnik-iqtisodiy ko‘rsatgichlar va daromad rejasining bajarilishi, «Toshtransdispetcherxizmat» UK tomonidan aniqlangan kamchiliklar, 2019 yil uchun biznes-reja ishlab chiqish va tasdiqlash, avtobus saroylarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va muammolar chuqur tahlil etildi.

Jumladan, avtosaroylar tomonidan belgilangan iqtisodiy reja-topshiriqlarini asossiz bajarmaslik, avtobuslarda GPS trekerlarini o‘chirib qo‘yish yoki ularga shikast yetkazish, haydovchilar tomonidan yo‘lovchi tashish qoidalariga amal qilmaslik natijasida avtobuslar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘layotgani, xususiy korxonalar tomonidan transport xizmati ko‘rsatilayotgan yo‘nalishlarda oylik yo‘l chiptalari, imtiyozli guvohnomalar, jetonlarning tan olinmaslik holatlari uchrayotgani keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Kamchilik va muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan bir qator mutasaddilar kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy ogohlantirildi. Ayrim muhandis va mutaxassislarga hayfsan e’lon qilindi.