O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosarlarini tayinladi va ular vazirlik xodimlariga tanishtirildi. Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari vazifasini bajarib kelgan Alisher Umarov Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, vazir o‘rinbosari vazifasini bajarib kelgan Otabek Nazirov va Sarvar Boboxo‘jayev vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek, Xalq ta’limi vaziriga yana ikki nafar o‘rinbosar tayinlandi. Ulardan biri Dilshod Kenjayev ayni vaqtda faoliyatini Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ish boshlagan Alisher Sa’dullayev o‘rnini egalladi.

Bungacha Dilshod Kenjayev Vazirlar Mahkamasining madaniyat-san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentining yoshlar siyosati va ma’naviy rivojlantirish masalalari sho‘’basi rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Yana bir bo‘sh turgan Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga Ibrohim Jo‘rayev tayinlandi. U hududiy boshqarmalar faoliyatini hamda maktablarni qurish, ta’mirlash va jihozlash masalalari bo‘yicha javobgar bo‘ladi.

Ibrohim Jo‘rayev davlat xizmatida oxirgi ish joyi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.