Joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida Jizzax viloyatida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2 trillion 272 million so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,4 foizga oshdi. Bu haqda viloyat hokimligi saytida xabar berildi.

Bu raqamlarning amaldagi samarasini davlat tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli qishloq tumanlarida xizmat ko‘rsatish tarmoqlari kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa, «Obod qishloq» dasturi amalga oshirilayotgan hududlarda savdo, madaniy-maishiy va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Masalan Mirzacho‘l tumanida joriy yilning 9 oyida 50 dan ziyod xizmat ko‘rsatish, servis va ishlab chiqarish ob’ekti barpo etilgan. Shu davrda aholiga jami ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 62,1 milliard so‘mni tashkil etgan. Xizmat ko‘rsatish aholi jon boshiga 591 ming so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 8 foizga o‘sgan.